Meta e’tiborsizlik uchun 567 million dollar jarima to‘ladi
Nyu-Meksiko sudi “Meta” kompaniyasini ijtimoiy tarmoqning bolalarga xavfi haqida jamoatchilikni yetarlicha ogohlantirmagani uchun 567 million dollar to‘lashga majbur qildi. Shu tariqa korxonaga ushbu masala bo‘yicha qo‘llangan eng yirik jarima yuzaga keldi. Avvalgi 375 million dollarlik jazo bilan birga umumiy summa 942 million dollarga yetdi. Sudya Brayan Bidshayd platformadagi oqibatni “ommaviy zarar” deya baholadi va mablag‘ni kelgusida xavfni kamaytirishga yo‘naltirishni buyurdi.
Sud qarorining e’tiborli jihati mablag‘ qanday sarflanishida. 420 million dollar ruhiy va boshqa tibbiy yordam dasturlariga ajratiladi. Qolgan qismi o‘qituvchi, tibbiyot xodimi va boshqa mutaxassislarni ijtimoiy tarmoq bilan bog‘liq xavfni aniqlash hamda xatarning oldini olishga tayyorlash uchun ishlatiladi. Sudya kompaniya faoliyatini zavodga qiyoslab, bolalarga yetkazilgan ruhiy zarar va jinsiy ekspluatatsiyani atrof-muhitga tarqaladigan ifloslanishga o‘xshatdi.
Qaror faqat pul to‘latish bilan cheklanmaydi. 18 yoshga to‘lmaganlar sahifasi yoshi kattalarga tavsiya qilinmasligi, kattalar bolalarga xabar yubora olmasligi va voyaga yetmaganlar behayo xususiyatga ega materialni yuborib-qabul qila olmasligi belgilandi. “Instagram” va “Facebook”da o‘smirlar uchun “layk” soni yashiriladi, ba’zan “push” xabarnoma o‘chiriladi. Eng keskin choralardan biri 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchi uchun har ikki platformada oyiga 90 soatlik limit joriy etilishidir.
2023-yil Nyu-Meksiko prokurorlari da’vosi bilan boshlangan mazkur ishning avvalgi bosqichida “Meta” tavsiya algoritmi yoshlarni zararli kontent va xavfli aloqa tomon yo‘naltirgani aniqlangan. Kompaniya qarordan noroziligini bildirib, apellyatsiya berishini aytdi.
Hozir AQSHda shunga o‘xshash o‘nlab da’voga duch kelayotgan “Meta” aprel-iyun oylarida 61 milliard dollar daromad qilgan. Shu nuqtai nazardan jarima korxona uchun moliyaviy halokat bo‘lmasligi mumkin. Sud qarori esa ijtimoiy tarmoqning bolalarga ta’siri uchun huquqiy javobgarlik kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA