Meros talashib yurgan amakivachchalarni MIB yarashtirib qo‘ydi
Meros masalasi ba’zan eng yaqin insonlarni ham bir-biridan uzoqlashtirib qo‘yadi. Farg‘ona shahridagi bu voqea ham shunday boshlangan edi.
Bir oilada amakivachchalarga meros qoladi. Ikki amakivachcha merosni o‘zaro bo‘lishib, uchinchisining — amakilarining qizi bo‘lmish qarindoshining ham qonuniy ulushi borligini e’tibordan chetda qoldiradi.
O‘z haqqini ololmagan qiz adolat istab sudga murojaat qiladi.
Sudning hal qiluv qarori Farg‘ona shahar Majburiy ijro byurosi bo‘limiga kelib tushgach, davlat ijrochisi ishga kirishadi.
Bu yerda masala shunchaki pul undirish emasdi. Gap bir oiladagi yaqin qarindoshlar xususida borayotgani bois, davlat ijrochisi tomonlar bilan suhbatlashib, har birining haq-huquqini tushuntirib, ularni murosaga chaqirdi.
Natijada ikki amakivachchaning har biridan 189 million so‘mdan, jami 378 million so‘m mablag‘ undirilib, uchinchi voris — amakining qiziga tegishli meros ulushi to‘liq olib berildi.
Eng quvonarlisi, ish faqatgina pul undirish bilan yakunlanmadi. Qarindoshlar o‘rtasidagi ziddiyatga ham barham berildi.
Zero, davlat ijrochisining vazifasi — faqat eshik taqillatib, pul undirishdangina iborat emas. Ba’zan u ikki tomon o‘rtasida vositachi bo‘lib, haqni qaror toptirish, tushuntirish ishlarini olib borish orqali qarindoshlarni yarashtirishga ham sababchi bo‘ladi.
Meros taqsimlandi, haq o‘z egasiga yetdi, eng muhimi — qarindoshlik rishtalari uzilmadi.
Hamroz Bayonov
O‘zA