“Mening mahallam” premerasi Xorazmda
Urganch shahrida “Mening mahallam” badiiy filmining taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “O‘zbekfilm” kinokonserni tomonidan suratga olingan yangi filmda bevosita mahalla tizimidagi islohotlar o‘z aksini topgan.
Film namoyishi oldidan so‘zga chiqqanlar ushbu media targ‘ibot materiallari mahallaning obro‘si va nufuzini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Prezidentimizning “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq mahallalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar o‘zining ijobiy samarasini namoyon qilmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Bekzod Abdirimov.– Buni bevosita media maydonida targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega. Respublika bo‘ylab namoyish etilgan “Mening mahallam” filmining premerasi ushbu qadriyatlar beshigi bo‘lgan maskanning o‘rni haqida barchada ijobiy tasavvur uyg‘otadi.
[gallery-24579]
Keyingi yillarda mahallalarda ham hududlar qiyofasi tubdan yaxshilanib, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bundan tashqari, mahallada aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotir.
– Bunda “Mahalla yettiligi” a’zolari uyma-uy yurib, aholi bilan muloqotda bo‘lishi, o‘rganishlar natijasida tegishli “Yo‘l xaritasi”ning ishlab chiqilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Yoqubov. – Tomorqadan foydalanish, savdo, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar ancha salmoqli. Filmda yurtimizda “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” tamoyili asosida keng ko‘lamda tadbirlar va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotganligi yoritilgan. Mahallalarimizning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida ro‘yobga chiqarilayotgan ezgu ishlar xalqimizning kayfiyatini ko‘tarib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlayotganligi ushbu filmda o‘zgacha uslubda tasvirlangan.
Filmda mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan xotin-qizlar maskanlari faoliyati ham keng yoritilgan. Xotin-qizlarga tikuvchilik hamda barcha momomeros kasb-hunar sirlarini o‘rgatayotgan ayollarimiz davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan mamnun ekanligi tasvirlangan. Bir so‘z bilan aytganda film premerasi xorazmlik tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/S_fUBnJR3aU?si=IhhgulMZZ2qIlZKI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (Surat, video),
O‘zA muxbirlari