Mening kimligimni el bilsa boʻldi...
Pandemiya sharoiti butun mamlakat koʻz oʻngida zaif nuqtalarimizni ham, kuchli tomonlarimizni ham namoyish etib qoʻydi...
Deputat minbari
Pandemiya sharoiti butun mamlakat koʻz oʻngida zaif nuqtalarimizni ham, kuchli tomonlarimizni ham namoyish etib qoʻydi... Toʻgʻri, dunyoning katta-katta, kuchli davlatlari ham dastlab qattiq qiyinchiliklarga duch keldi. Oʻzbekiston ham vaziyatni boshqarishda bor kuch-salohiyatini ishga soldi.
Bu jarayon kimning kimligini aniqlab berishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Biz ilgari ham barcha soha imtihondan oʻtayotganligi haqida yozgan edik. Bugun tibbiyot sohasida eʼtiborga muhtoj boʻlgan ogʻir nuqtalar aniqlandi, ogʻriqli nuqtalar koʻrindi...
Bu soha vakillari koronavirus oʻchoqlari boʻlmish shifoxonalarda, karantin zonalarida kunni kun, tunni tun demay mehnat qilmoqdalar. Ayrim tibbiyot xodimlari, yetuk mutaxassislar kasal yuqtirib olish natijasida hayotdan koʻz yumdi. Bitta shifokor oʻn yilda tayyor boʻlishini nazarda tutadigan boʻlsak, xalq qanday katta yoʻqotishni boshdan kechirayotgani anglashiladi. Bu insonlar tom maʼnoda jasoratli mard kishilardir. Ularning oʻz hayotini oʻylamasdan koʻrsatgan jasorati haqida alohida kitoblar yozilishi kerak. Ayni kunlarda shifokorlarning jasoratlari, ularning zahmatlari, mehribonliklari haqida toʻgʻridan-toʻgʻri intervyular, videolarni koʻryapmiz. Ularning haqiqiy shon-sharaf sohiblari, haqiqiy ehtiromga loyiq insonlar ekanliklariga ishonyapmiz. Publitsistlarimiz, yozuvchi-shoirlarimiz hali bu qismatlarni qalamlarida tiriltiradilar.
Lekin bu ijobiy tomonlar bilan bir vaqtda, ayrim yetib kelayotgan maʼlumotlarga koʻra, sharafli mehnat qilayotgan, xalq olqishi, duosini olib ishlayotgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshiga toʻlanadigan ustama pullari oʻz vaqtida berilmayotganligi, baʼzi hollarda maxsus kiyimlar bilan taʼminlanmayotganligi kabi holatlar dilni xira qiladi.
Karantin davrida hammadan uyda qolish soʻraldi. Uyda qoldik. Ammo shifokorlar bilan bir qatorda uyda qololmasdan ishlagan soha kishilari ham bor. Balki bizga ularning jonbozligi sezilmagandir, chunki odatdagi hayotimizda ham televideniye, radioni yoqsak, tinimsiz koʻrsatuv, eshittirishlar berilganidek, pandemiya davrida ham uzluksiz davom etdi. Gazeta-jurnallar chop etilib turdi, hech boʻlmasa, ularning elektron versiyasi yetib keldi. Internet saytlarida, telegram kanallarida tezkor maʼlumotlar eʼlon qilinib bordi. Bularni kim taʼminladi?
Oʻzbek jurnalistikasi ham bu davrda katta imtihondan oʻtdi. Jasoratli jurnalistlarimiz kasallik yuqtirib olishni oʻylamasdan kasalxonalar, karantin zonalari va boshqa joylarda boʻlib, suhbatlar uyushtirib, bizni yangiliklardan xabardor qilib turdi. Ayni kunlarda ularning kovid infeksiyasi bilan kasallanganlar davolanayotgan reanimatsiya boʻlimlaridan ogʻir holatdan davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlari uzatilmoqda. Nafaqat kasallik haqidagi maʼlumotlarni berishmoqda, balki jamiyatdagi kamchiliklar, insofsizliklaru xatolar haqida bong urishmoqda. Haqiqiy jurnalistikani muqaddas bilgan insonlar oramizda koʻp. Ular pandemiya sharoitida boshqa muhim masalalarni ham unutib qoʻyayotgani yoʻq, haqiqatni aytishda oʻz prinsiplariga sodiq qolmoqdalar. Albatta davr oʻz qahramonlarini unutmaydi. Bu soha vakillarining ham mehnati tahsinga sazovor.
Shu oʻrinda aholining oziq-ovqat xavfsizligi, ijtimoiy himoyasi yoʻlida davlat tomonidan olib borilgan ishlar bilan bir qatorda xalq vakillari, tadbirkorlar, siyosiy partiyalar va boshqa soha vakillarining ham juda katta koʻmagi sezildi. Bu ogʻir davrda amalga oshirilgan har bir xayriya, ehson tadbirlari tahsinga loyiqdir. Bu borada xalqimiz jipsligini koʻrdik. Ayniqsa, Sardoba, Buxoro voqealarida yordamga shoshilgan kishilar sanoqsiz boʻldi. Xalqimizning ulugʻ bir qudrati, oʻlmas maʼnaviy boyligi yana-da yaqqol namoyon etildi. Saxovat va koʻmak harakati yordamlarini tarqatishda koʻngillilarimiz harakati ham eʼtiborga muhtoj, yarim koʻngillarga malham boʻldi.
Bular bizning kuchli jihatlarimiz albatta. Lekin besh qoʻl barobar emas ekan, sharoit yana kimning kimligini bildirib qoʻydi. Birovning, muhtojlar haqqini oʻzlashtiruvchilar ham borligi bilinib qoldi.
Pandemiya har bir soha vakillarini, har bir insonning qiyofasini ochdi, amallarni saraladi. Rahbarlarning ham kuchli, siyosatli, tadbirli, xalqparvarlarini alohida ajratib koʻrsatdi.
Deputatlarning ham ogʻir kunlarda xalq bilan, xalq ichida boʻlishi, ularni qiynagan masalalarni koʻtarib chiqishi, shu vaziyatda toʻgʻri siyosat olib borishda oʻz takliflarini berishi muhimdir. Biz xalq uchun, jamiyatimizni sogʻlom, mamlakatimizni obod koʻrishga hissa qoʻshayotgan insonlarni, sohalarni, tizimlarni albatta eʼtirof etishimiz kerak. Jamiyatdagi kamchiliklarni roʻy-rost aytib berayotgan kishilarga ham, kecha-kunduz postda turgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ham, oilasi salomatligini oʻylab uyda qolgan insonlarga ham, shifokoru jurnalistlar, tadbirkoru rahbarlarga, ijtimoiy tarmoqlar orqali bizga xizmat koʻrsatayotgan, mushkulimizni oson qilayotgan insonlarga, boringki, elim-yurtim degan barchaga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Gulbahor SAIDGʻANIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati