“Mening birinchi kutubxonam” loyihasi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Mening birinchi kutubxonam” loyihasiga start berildi. Loyiha doirasida mustaqilligimizning 34 yilligi bayrami munosabati bilan poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 588-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga bolalarga mo‘ljallangan eng sara adabiyotlardan iborat kitob javoni taqdim etildi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad milliy kontentni rivojlantirishda bolalar kitobxonligini qo‘llab-quvvatlash, bolalarning murg‘ak yoshidan boshlab ota-onalari bilan birgalikda kitob o‘qishni aholi o‘rtasida ommalashtirish, oilaviy mutolaa an’anasini rivojlantirish, kitobxon yoshlar safini kengaytirish va bu orqali bolalarning dunyoqarashi, ma’naviyati va intellektual salohiyatini oshirish hamda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etayotgan nashriyotlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishdan iborat.

Taqdimotda kitob mualliflari o‘z asarlarini bolalarga o‘zlari o‘qib berdi. Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar hamda tarbiyachilar uchun mahorat darslari o‘tkazildi va bolalar uchun kitob tanlash hamda ularni o‘qib berishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligiga oid maslahatlar berildi.


Har kuni bolaga kitob o‘qib berish uning til rivoji, miyaning mehnat qobiliyati va maktabga tayyorgarligida sezilarli natija beradi. Shu bois ham yosh avlodni kitobga qiziqtirishning dastlabki davri 0-3 yoshgacha etib belgilangan. O‘zbekistonda esa bolalarni kitobga qiziqtirish davri 3 yoshdan boshlanadi. Xalqaro tajribada 0-3 yoshgacha bo‘lgan davr bolalarni kitobga qiziqtirishning muhim bosqichi hisoblanadi.

— So‘nggi vaqtlarda bog‘chalar va maktablardagi kutubxonalar holati yuzasidan deputatlar korpusi bilan olib borilgan o‘rganishlarimiz o‘zbek tilidagi zamonaviy, milliy bolalar adabiyotiga talab juda katta ekanini ko‘rsatdi, — deydi O‘zMTDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. — Bolalarimiz avvalo, o‘zini, tilini, tarixi va madaniyatini tanib o‘sishi uchun ularga milliy va umuminsoniy qadriyatlardan saboq beruvchi bolalar adabiyotlarini taqdim etish lozim. So‘nggi yillarda kitob bozorimiz ham ancha faol rivojlanmoqda. "Mening birinchi kutubxonam" loyihasi doirasida uycha ko‘rinishidagi javonlarimizni bog‘chalarga yetkazishni boshladik. Javonlarimizda 0-7 yoshgacha bo‘lgan o‘zbek va jahon bolalar adabiyotining eng sara durdonalari o‘rin olgan. Biz bu kitob javonlarini faqat shahar emas, chekka qishloqlardagi bog‘chalarga ham yetkazamiz. Zero, farzandlarimiz dunyoni, ona Vatanini o‘z tili, o‘z adabiyoti orqali anglasin. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun xizmat qiladigan, mustaqil fikrlaydigan farzandlar kamol topsin!

Darhaqiqat, “Mening birinchi kutubxonam” loyihasi doirasidagi ilk tadbirda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 63 nomdagi 630 dan ziyod adabiyotlar taqdim etildi. Loyiha mamlakatimizda bolalar uchun chop etilayotgan adabiyotlar bilan nafaqat bolalarni, balki ularning ota-onalarini ham yaqindan tanishtirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek va jahon adabiyotiga mansub bolalar uchun mo‘ljallangan kitob javonlarini tashkil qilish hamda bu tashabbusni umummilliy harakatga aylantirish va bolalar adabiyoti targ‘ibotiga ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA