“Men yurgan yoʻl” taqdimoti
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiyot namoyandalarining, ardoqli yozuvchi shoirlarning hayoti va ijodiga bagʻishlab tadbirlar uyushtirish, anjumanlar oʻtkazish anʼanaga aylangan.
Bu yil umrining oltmishinchi dovonidan oshib oʻtayotgan Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, shoir Turob Niyozning ijodiy kechasi ana shu xayrli ishlarning qizgʻin davomi boʻldi.
Turob Niyoz “Muhabbat gullari” kitobi uchun 2007-yili “Eng ulugʻ, eng aziz” hamda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining 25 yilligi munosabati bilan Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan “Posboniman muqaddas yurtning” Respublika koʻrik-tanlovlarining sovrindori boʻlgan. Uning ilk sheʼri 40 yil muqaddam Gʻallaorol tumanidagi “Mehnat bayrogʻi” gazetasida chop etilgan. Bugun esa yuzga yaqin sheʼrlari qoʻshiqqa aylangan.
Tadbirda shoir sheʼrlaridagi mavzular koʻlami, soʻzlar jozibasi, badiiy tasvir va talqin xususida fikr mulohazalar bildirildi.
Ijodiy kechada ijodkorning “Men yurgan yoʻl” kitobi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Mazkur kitobning soʻngsoʻz muallifi, ustoz Saydi Umirov shunday deydi:
– Mazkur saylanmaga kirgan, shoir oʻz onasiga bagʻishlab yozgan sheʼrlarini taʼsirlanmay, koʻzga yosh olmasdan oʻqib boʻlmaydi. Shahar bagʻridan qadrdon qishlogʻiga borib, oʻzini ona quchogʻida koʻrgan farzand uchun charchoq, sogʻinchlari unutilganday boʻladi. Kitobdagi hech bir satrni hayajonlanmasdan, titramasdan mutolaa qilish mumkin emas.
Tadbir ishtirokchilari “Men yurgan yoʻl” saylanmasini shoirning qutlugʻ yoshi arafasida ijodidan saralab olingan ajoyib guldasta sifatida eʼtirof etdi.