"Men urush ko‘rdim, sizlar ko‘rmanglar"
Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i Akbar Abduxalilov, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Samarqand viloyat kengashi raisining o‘rinbosari Dilshod Toshbekov, «Afrosiyob» o‘quv sport texnika klubi boshlig‘i Alisher Usmonov hamda Samarqand garnizoni harbiy orkestr jamoasi tomonidan dastlab Samarqand shahar Motrid qo‘rg‘oni Xo‘ja "Gunjoiy" mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fazliddin Asliddinov holidan xabar olishdi.
Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Fazliddin ota ham ana shunday urush zahmatlarini ko‘rgan insonlardan biridir. Uchrashuvda urush qatnashchisi yosh avlod vakillariga boshidan kechirganlari, urush davri qiyinchiliklari haqida so‘zlab berdi.
Yoshlarni yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, Vatanmizni ko‘z qorachig‘idek asrash, vijdonli va mard bo‘lish, ta’lim-tarbiya olish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishga da’vat etdi.
– 1946 yilda urushdan kelib, Motrid qo‘rg‘oni haqida kitob yozdim. 1956 yilda hisoblab chiqqanimda Motrid qo‘rg‘onidan 280 nafar urush qatnashchilari sog‘-omon, ba’zilari nogiron bo‘lib qaytishdi. Shu jangchilar orasidan hozir bir o‘zim qolibman.
Oilamizdan 8 nafar aka-ukalar urushga safarbar qilingan edik. Shundan 4 nafari urush qurboni bo‘ldi, 3 nafari nogiron bo‘lib qaytdi va 1 nafari – men sog‘-omon qaytib keldim. Hech qachon yer yuzida urush bo‘lmasin. Men urush ko‘rdim, sizlar ko‘rmanglar – deb duo qildi Fazliddin bobo.
Shundan so‘ng, «Mamino schaste» oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida bolajonlar Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestr jamoasining g‘alaba tarovatini madh etuvchi kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘ldilar.
Targ‘ibot guruhining navbatdagi manzili Yevgeniy Soldatov xonadonida bo‘lishdi. Urushning qiyin kunlarini boshidan o‘tkazgan 95 yoshli Evgeniy Soldatov holidan xabar olinib, hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. Qahramonimizning musiqaga bo‘lgan qiziqishi yuqori bo‘lganligi sababli tashrif buyurganlarga g‘alabani madh etuvchi kuylarni ijro etdi. Shuningdek, urush zahmatlari haqida so‘zlab berdi.
Tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Dilshod Toshbekov,
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti
Samarqand viloyat kengashi raisining o‘rinbosari