Men ham jamiyatning to‘laqonli a’zosiman
Insonlar turfa xil, ularning har biri alohida bir olam. Ayrimlari hayotning past-baland yo‘llarida qoqilsa, tushkunlikka tushib qoladi. Yana shundaylar borki, taqdirning beshafqat sinovlari bilan mardonavor kurashib, o‘zlari uchun yangi hayot yo‘lini kashf qiladi.
Qahramonimiz, 26 yoshli sirdaryolik Murodjon Jigitov ham o‘zining sabri, metin irodasi va oldiga qo‘ygan maqsadining ulug‘vorligi bilan barchamizga o‘rnak bo‘la oladi. O‘zA muxbiri 5 yoshida baxtsiz hodisa tufayli ikki oyog‘idan ajralgan M.Jigitov bilan suhbatlashdi.
– Taqdir insonni turli sinovlar bilan siylaydi. Suhbatimiz avvalida siz bilan yuz bergan baxtsiz hodisa haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Yoshligimda barcha bolalar qatori juda sho‘x bo‘lganman. Dalaga mol-qo‘ylarni boqishga olib chiqqanda poyezd vagoniga osilib, do‘stlarim bilan o‘ynar edik. Kunlardan birida baxtsiz hodisa yuz berib, oyoqlarim vagonga kirib ketdi. Yaxshi insonlarning ko‘magi, mahoratli shifokorlarning sharofati bilan tirik qoldim. O‘shanda 5 yoshda, taqdirning beshafqat sinovlari oldida hali ancha yosh edim. Ammo taqdirda bor, deganlari shu bo‘lsa kerak. Avvalo, har bir inson e’tiborga muhtoj. Imkoniyati cheklangan insonlarda esa bu boshqalarga nisbatan kuchliroq. Avvalo, menga ana shu mehr va e’tibor kuch berdi, hayotda o‘z o‘rnimni topishga undadi.

– Sizga atrofingizdagi insonlarning, sizning ularga munosabatingiz qanday?
– Imkoniyati cheklangan insonlar ikki xil bo‘ladi, nazarimda. Birinchisi, ular shu holatda tug‘iladi va yoshligidan bu narsaga moslashib ulg‘ayadi. Ikkinchisi, ya’ni men kabilar bu kabi kemtiklikni hayoti davomida orttiradi. Ularning bu holatga ko‘nikishi juda qiyin kechadi.

Menda ham bu jarayon og‘ir kechgan. Atrofdagi insonlar nigohida sizga achinib qarash hissini tuyushingiz mumkin. Bu juda og‘ir holat. Menga bunday achinish bilan qarashlarini, cheklanib, chegaralanib qolishni xohlamaganman. Shunday bo‘lsa-da, yaqinlaringizning daldasi, shirin gaplari va sizga bo‘lgan ishonchi kuch beradi. Menga yasama oyoq o‘rnatilganidan so‘ng ota-onamning ko‘magida bu narsaga ko‘nikdim, yana yura boshladim. Bunga shukr qilaman.
– Erishgan yutuqlaringiz va bugungi kundagi faoliyatingiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Albatta, shu vaqtgacha ozmi-ko‘pmi yutuqlarga erishdim. Buni atrofimdagilar ko‘p e’tirof etishgan. Ammo men bularni muvaffaqiyat, deb o‘ylamayman. Nimagaki, juda xursand bo‘lib, manmansirashdan qo‘rqaman. Chunki inson o‘zidan qoniqish his qilmagani yaxshi. Shunda o‘zi ustida yanada ko‘proq ishlaydi.
2015 yilda Xitoy delegatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda grant yutib, o‘sha davlatda 1 yil o‘qib keldim. Shuningdek, sportning suzish turi bo‘yicha paralimpiada yo‘nalishida shug‘ullanyapman. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston chempionatlarida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. bugungi kunda O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti talabasiman. Turli serial va kinolarda rol ijro etyapman.
– Hayot yo‘li doim ham bir tekis emas, baland-pastliklardan iborat. Siz kuch, matonatni qayerdan olasiz?
– Insonning suyanchig‘i bo‘lgani yaxshi. Albatta, qiyin vaziyatlarda kimgadir muhtojlik his qilasiz. Menda ham shunday vaziyatlar bo‘lib qolsa, kimdandir yordam kutishdan ko‘ra, maslahat olishni maqbul, deb o‘ylayman. Dunyoda har bir inson har bir narsaga o‘zi javobgar va sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ham muammolarimni o‘zim yechishga harakat qilaman.
– Oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz va qaysidir ma’noda o‘zlarini imkoniyati cheklangan, deb o‘ylovchi insonlarga qanday maslahat bergan bo‘lar edingiz?
– Kelajakdan orzu va maqsadlarim juda ko‘p. Inson orzu qilishdan to‘xtamasligi kerak. Oldiga maqsad qo‘ysa, harakat qilsa, albatta, unga erishadi. Avvalo, oliy ta’limdagi tahsilimni tamomlab, soham bo‘yicha yetuk kadr bo‘lishni maqsad qilganman. Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan, kelajakka bo‘lgan umidlarini uzayotgan insonlarga yordam bermoqchiman. Ularga motivatsiya berib, yashashga, hayotga bo‘lgan ishonchini qaytarmoqchiman. Shu sababdan ba’zan protez oyoqlarimni ko‘rsatib yuraman. Maqsad oyoqlarim yo‘q bo‘lsa ham ular kabi yura olishimni, ular qilayotgan ishni qilayotganimni ko‘rishlarini xohlayman. bugungi kunda boqimandalar toifasi ko‘payib bormoqda. To‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, davlatdan yoki kimdandir yordam kutib yashayotganlar ham bor. Ular ko‘rib qo‘ysinki, bizga o‘xshab qaysidir ma’noda imkoniyati cheklangan bo‘lsada, o‘z oldiga maqsad qo‘yib, dadil odimlayotganlar ham bor. Mehnat qilishga o‘rganish, boqimandalik tuyg‘usidan voz kechishiga ko‘maklashishga harakat qilaman. Har bir insonga biroz bo‘lsada e’tibor berilsa, do‘stlik qo‘llari uzatilsa, shirin so‘zlar orqali ishonch bag‘ishlansa, albatta, u buyuk ishlar qilishga qodir.
Suhbatdoshimiz bilan muloqot chog‘ida Murodjonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, so‘zlaridagi g‘ayrati, shijoati bizni to‘lqinlantirib yubordi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA