Meksikada namoyishlar avj oldi
BBC News xabar berishicha, Meksikaning qator shaharlarida minglab odamlar saylov islohotiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi. Poytaxt Mexikoda bo‘lib o‘tgan namoyishda shahar bosh maydonidan 500 ming fuqaro o‘tgani aytilmoqda, ammo, mahalliy hukumat namoyishda 90 ming kishi qatnashganini da’vo qildi.
Meksika parlamenti a’zolari o‘tgan hafta Prezident Andres Manuel Lopes tashabbusi bilan boshlangan islohotlarni yoqlab ovoz bergan. Afsuski, ushbu islohot Milliy saylov instituti byudjeti va xodimlarini qisqartirishga qaratilgan edi. Bunga qarshi chiqqanlar islohot demokratiyaga putur yetkazadi, mamlakat konstitutsiyasini buzadi, deb hisoblayapti. Shu bois Oliy suddan uni rad etish talab qilinmoqda.
Kecha Mexiko shahrining Sokalo maydoniga odamlar yig‘ilgan, namoyishchilar shahar markazi ko‘chalariga ham chiqishgan. Bundan tashqari, mamlakatning yana bir qator hududlarida namoyishlar o‘tkazilyapti.
Rasmiy manbalarning yozishicha, Meyesiyea Senati mamlakat parlamenti quyi palatasi ovoz bergandan so‘ng islohotni ma’qullagan. Mazkur hujjat Prezident qonunni imzolaganidan keyin kuchga kiradi.
– Amaldagi Prezident Andres Manuel Lopes uzoq vaqt davomida milliy saylovlar
institutini tanqid qilib keladi. O‘tgan oy u mustaqil tashkilotni firibgarlikda ayblagan. Uning xodimlari “saylov protokollarini soxtalashtirish va ovozlarni sotib olishga urinishlar”ga ko‘z yumishayotganini aytdi, – deyiladi Kazinform xabarida.
Darvoqe, Lopes 2018 yil prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan buyon institutni isloh qilishni talab qilib keladi. Uning aytishicha, agentlik xodimlarini keskin qisqartirish orqali soliq to‘lovchilar yiliga 150 million dollar tejashi mumkin.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA