Mehr va quvonch ulashib
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ezgu tadbirlar davom etmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i va mas’ul xodimlari Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida bo‘lib, tarbiyalanuvchilarini bayram bilan tabrikladilar.

Nogironligi bo‘lgan 250 nafar ayol hamyurtimiz vasiylikka olingan mazkur muassasada yaratilgan sharoitlar, bemorlar uchun tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishishdi. Mas’ullar shu yerda istiqomat qiluvchi ayollar qo‘l mehnatidan tayyorlangan haqiqiy san’at asari darajasidagi buyumlarni tomosha qilishdi. To‘garaklarda shug‘ullanayotgan tarbiyalanuvchilar bilan dildan qurilgan suhbat, ularning biroz bo‘lsa-da ko‘nglini ko‘tardi.

Uchrashuv jarayonida tarbiyalanuvchilar bilan samimiy muloqot o‘tkazilib, ularning ehtiyoj va takliflari tinglandi. Shuningdek, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri