Mehr va e’tibordan munavvar dillar
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Baliqchi tumani bo‘linmasi qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan ehtiyojmand hamda “Temir daftar” ga kiritilgan oilalar, shuningdek, “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlarga 365 million 176 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
Mamlakatimizda ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va qiyin sharoitda yashayotgan aholi vakillariga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan muayyan ishlar olib borilmoqda.

Jamg‘armaning Baliqchi tumani bo‘linmasi joriy yilning birinchi choragida 317 ta ehtiyojmand, 40 ta “Temir daftar” ga kiritilgan oilalarga, shuningdek, “Ayollar daftari” ga kiritilgan 67 nafar xotin-qizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga 365 million 176 ming so‘mlik yordam ko‘rsatdi. Jumladan, 256 ta ehtiyojmand va “Temir daftar” ga kiritilgan oilaga, “Ayollar daftari” dagi 67 nafar xotin-qizga 279 million 562 ming so‘m miqdoridagi moddiy yordam berilgan bo‘lsa, 60 ta ehtiyojmand oilaga 54 million 754 ming so‘mlik kundalik iste’mol tovarlari tarqatildi, 41 ta ehtiyojmand oilaga hamda 30 nafar “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizga 30 million 860 ming so‘mlik dori vositalari va salomatligini tiklash uchun yordam pullari berildi.
– Davlatimizga rahmat, men kabi yakka-yolg‘iz yashovchi keksalarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani yo‘q, – deydi Baliqchi tumani Qiyali mahallasida yashovchi Tanzila Asqarova. – Turli tashkilotlar, mahalla-ko‘y doimiy xabar olib turadi. Yaqinda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan bir necha turdagi oziq-ovqat mahsuloti berilganligidan, e’tibordan ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi. bugungi muborak ramazon kunlarida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlardan ehtiyojmand oilalar va fuqarolar behad mamnun bo‘lmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA