Mehr va e’tibor istagan qalblar mamnun
Har yili nishonlanadigan Xalqaro nogironlar kuni Namangan viloyatida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Bayram munosabati bilan o‘ksik qalblarga shodumonlik, yuqori kayfiyat ulashildi.
Namangan shahridagi Sharshara mahallasi hududida joylashgan, ko‘zi ojiz kishilar istiqomat qiladigan uylar ikki qavatli bo‘lib, abgor holga tushib qolgandi. Viloyat hokimligining sa’y-harakati sabab ushbu turar-joy maskanlariga ham e’tibor qaratildi. Buning natijasida mavjud 36 ta xonadon homiylar ko‘magida to‘liq ta’mirdan chiqarildi va o‘z egalariga topshirildi.
"Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash, issiqlik ta’minoti ob’ektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi" davlat unitar korxonasi Namangan viloyati hududiy filiali buyurtmachiligi asosida mazkur ko‘p xonadonli uylarning tom, fasad qismini ta’mirlash uchun 440 million so‘mga yaqin ta’mirlash ishlari bajarildi.
Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov imkoniyati cheklangan kishilarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklar eng avvalo, Prezidentimizning xalqni rozi qilish borasida yuritayotgan keng qamrovli islohotlarining yuksak samarasi mahsuli ekanligini qayd etdi.
Ko‘p xonadonli uylar mukammal ta’mirlandi. Uylarning old qismida bolalar maydonchasi tashkil etildi. To‘y va marosimlar o‘tkazish uchun maydon tayyorlandi, uy bekalari uchun tandirxona ham qurildi. Asosiysi, barcha zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, energotejamkor isitish jihozlari, akfa eshik va romlar o‘rnatilib, yashash uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratildi.
– Bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan yurtda yashayotganimizdan behad xursandmiz, – deydi xonadon sohiblaridan biri Zahroxon To‘lasheva. – bugungi sana bizning oila uchun unutilmas bo‘lib qoladi. Qishda sovuq, yozda isib ketadigan, ko‘rimsiz holga kelib qolgan uylarda yashashga majbur edik. Qisqa fursatlarda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlaridan keyin istiqomat joyimiz gazi, sveti, suvi bir maromdagi shinam va ko‘rkam uyga aylandi.
Namangan shahridagi Boburshoh dahasida Kar-soqovlar jamiyati viloyat bo‘limining ochilishi ham bo‘lib o‘tdi.
Jamiyat a’zolarini bir joyda jamlaydigan, ular uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘rkam idora yo‘q edi. Mavjud bino esa talab darajasiga javob bermay qolgandi. Ma’nan eskirib ketgan bino o‘rnida shahar hokimligi va quruvchi tashkilot, homiylar sa’y-harakati bilan yangi, zamonaviy idora qad rostladi.
Maxsus kitoblar, turli kerakli adabiyotlar bilan ta’minlangan alohida kutubxona ham tashkil etildi.
Yangi Namangan tumanidagi “Diyor” tantanalar majmuasida sana munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Viloyatda ayni paytda 65 nafardan ziyod nogironligi bor insonlar mavjud. Ularning jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishi, o‘qishi va mehnat qilishi, ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar bor.
Xususan, viloyatdagi mavjud turar joylarni, ma’muriy xo‘jalik ishlab chiqarish binolarini sport va madaniy inshootlarni, jamoat transportlari va boshqalarni nogironlar uchun maxsus moslamalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi ikki yil davomida viloyat, tuman, shahar hokimliklari tomonidan 344 nafar nogironligi bor shaxsga nogironlik aravachasi, 76 nafariga eshitish moslamasi, 169 nafariga qo‘ltiq tayoq, 208 nafariga hassa, 236 nafariga sog‘lomlashtirish maskanlariga yo‘llanmalar, 47 nafariga uy-joy, 34 nafariga uy-joylarini ta’mirlashda ko‘mak, 634 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Joriy yilda ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida 5 ta, Oliy majlis huzuridagi jamoat fondi grant tanlovlarida 5 ta, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiya qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant tanlovlarida 3 ta, jami 13 ta grant mablag‘lariga ega bo‘ldi. Ajratilgan 410 million so‘m esa loyihalarni amalga oshirish asnosida NNTlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanadi.
“Qishloq ichimlik suv ta’minoti” MCHJ tomonidan nogironligi bor shaxslarni suv ta’minotidan bo‘lgan qarzdorligini qoplash maqsadida qishloqlarda yashovchi shu qatlamdagi 483 kishining 59 million 409 ming so‘mlik qarzdorligi qoplab berildi.
[gallery-4949]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA