Mehnat migratsiyasi: Toshkent forumi qanday yangi yondashuvlarni kun tartibiga olib chiqdi?
18-19-may kunlari Toshkent shahri xalqaro mehnat migratsiyasiga bag‘ishlangan muhim muloqot maydoniga aylandi. “Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish” mavzusida o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi nafaqat mintaqa, balki keng xalqaro doirada ham dolzarb hisoblangan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Markaziy Osiyo, Yevropa, Osiyo mintaqalari va AQSHdan kelgan 600 ga yaqin mutaxassis qatnashgan forum xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillari to‘plangan muhokamalarda migratsiyaning iqtisodiy-ijtimoiy jarayondagi o‘rni batafsil tahlil qilindi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyoda 304 millionga yaqin migrant mavjud. Ularning 168 millioni mehnat muhojiri. Migrantlar tomonidan o‘z oilasiga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari miqdori esa 905 milliard dollarga yetgan.
Bu raqamlar mehnat migratsiyasi bugun faqat ijtimoiy emas, global iqtisodiy barqarorlikka ham ta’sir qiluvchi muhim omilga aylanganini ko‘rsatadi. Tadbir davomida mehnat migratsiyasini tizimli va inson manfaatiga asoslangan tarzda tashkil etish, qonuniy migratsiya yo‘llarini kengaytirish, mehnat migrantlarining huquqini himoya qilish, ijtimoiy kafolatini kuchaytirish, kasb va til tayyorgarligini takomillashtirish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, migrantlarni qabul qiluvchi davlatning mehnat va ijtimoiy muhitiga moslashtirish masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi.
Mutaxassislar aytishicha, bugungi mehnat migratsiyasi siyosati faqat ishchi kuchini xorijga yuborish bilan cheklanmay, raqobatbardosh inson kapitalini tayyorlash va xalqaro mehnat bozori talabiga moslashtirishni ham taqozo qiladi.
XMTning mehnat migratsiyasi va ijtimoiy inklyuziya bo‘yicha mintaqaviy masalalar bo‘yicha mutaxassisi mehnat migratsiyasi real mehnat bozori ehtiyoji va tahliliga asoslanishi lozimligi, mehnat yo‘llari ishchi kuchiga talab va migrantlar malakasi hisobga olingan holda shakllantirilsagina, uzoq muddatli va barqaror natija berishini ta’kidladi.
Anjuman doirasida amaliy qadamlar ham tashlandi. Xususan, Toshkent shahrida “INTIL” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazi ochilishi mehnat migratsiyasi sohasiga yangicha yondashuvning amaliy ifodasi sifatida baholandi. Mutaxassislar ishonchiga ko‘ra, bunday markazlar mehnat migratsiyasini “ishchi kuchi eksporti” modeli emas, balki “malakali kadrlar tayyorlash” tamoyili asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar mehnat migratsiyasining inson omili bilan bog‘liq jihatlariga ham alohida urg‘u berdilar. XMT mintaqaviy koordinatsiya bo‘yicha mutaxassisi Ionela Timofte xavfsiz migratsiya migrantning barcha bosqichlarda himoya qilinishi bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, migratsiya siyosati ketishdan oldingi tayyorgarlik, ish jarayoni, huquqiy himoya, qaytish va reintegratsiya jarayonini ham qamrab olishi lozim. Binobarin, xavfsiz va barqaror migratsiya davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi izchil hamkorliksiz samara bermaydi.
Masalaning iqtisodiy jihati ham chuqur tahlil qilindi. Jenevadagi XMT bosh qarorgohi mintaqaviy loyiha katta menejeri Vivian van der Vorst migratsiya va pul o‘tkazmasi o‘rtasidagi bog‘liqlikka e’tibor qaratdi. O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari YAIMning qariyb 14 foiziga teng bo‘lib, ichki iste’mol, ta’lim, uy-joy, kichik biznes va oilalar farovonligida muhim o‘rin egallagani qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi forum yakuni bo‘yicha xalqaro ish beruvchilar bilan 20 ga yaqin kelishuv imzoladi. Ushbu hujjatlar mehnat mobilligining barqaror, shaffof va o‘zaro manfaatli mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan.
Bugungi global mehnat bozorida raqobat kuchayib borayotgan bir payt malakali kadrlar tayyorlash, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish masalasi davlat siyosatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Toshkent xalqaro migratsiya forumi esa O‘zbekistonni shunchaki jarayon ishtirokchisi emas, balki mintaqa uchun yangi yondashuvlar, shuningdek samarali muloqot maydoni taklif qilayotgan mamlakat sifatida namoyon etdi.
Dilshod Hakimov, O‘zA