Mehnat migrantlariga ham uy-joy beriladi
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020-yilda koʻp kvartirali uylardan 3 ming 462 xonadon ajratiladi.
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020-yilda koʻp kvartirali uylardan 3 ming 462 xonadon ajratiladi. Ular uy-joy olish uchun “Labor migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtadi.
“Labor migration” dasturiy majmuasidan roʻyxatdan oʻtgan fuqarolarga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tavsiya beriladi. Mehnat migrantlari mazkur tavsiya asosida viloyat, tuman, shahar komissiyalariga ariza topshiradi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Anjumanda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga joʻnab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami koʻrsatish va moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar shular jumlasidandir.

Taʼkidlanishicha, har yili respublika mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yosh kirib kelayotgan sharoitda aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan amaliy tadbirlar koʻrilayotganiga qaramay, tashqi mehnat migratsiyasining katta oqimi haligacha saqlanib qolmoqda.
– Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga joʻnab ketadigan fuqarolar uchun xarajatlarni toʻlashga imtiyozli mikroqarz olish imkoniyati yaratildi, – dedi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi Baxtiyor Tursunov. – Xorijda ishlash davrida hayot, sogʻliqni hamda patent va ishlash uchun ruxsat beruvchi boshqa hujjatlarning rad etilishi tavakkalchiliklarini sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta polisi toʻlovi bilan bogʻliq xarajatlarni subsidiyalash amaliyotga joriy etildi.
Sohada yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramay, ayrim xususiy bandlik agentliklari orqali xorijga ishga ketayotganlar orasida kutilmagan sharoitlarga duch kelayotgan, aldanayotganlar ham uchramoqda. Bu kabi xususiy bandlik agentliklari faoliyati vakolatli organlar tomonidan nazoratga olingan boʻlib, tegishli huquqiy xulosa berilmoqda. Olingan tezkor maʼlumotlarga koʻra, “Human” xususiy bandlik agentligi rahbarlari ustidan boshlangan sud yaqin kunlarda tugaydi va oʻylaymizki, adolatli hukm chiqariladi.

Ayni payda “Human” xususiy bandlik agentligidan jabr koʻrganlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, har bir fuqaroning holati alohida-alohida oʻrganilib, ularni kasbga oʻrgatish, ish bilan band qilish, tadbirkorlikka jalb etish va boshqa xususiy bandlik agentliklari orqali xorijga ishga yoʻnaltirish masalalari koʻrib chiqilmoqda.
Xususan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi koʻmagida boshqa xususiy bandlik agentliklari orqali aynan “Human” xususiy bandlik agentligidan jabr koʻrganlarning 35 nafari Bolgariyaga ishga joʻnatildi.
Bugungi kunda jami 98 ta xususiy bandlik agentligi bor. Shundan 59 tasi fuqarolarni xorijda ishga joylovchilardir.

Anjumanda maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston tashqi mehnat migrantlarining 80 foizi Rossiya, 15 foizi Qozogʻiston va qolgan 5 foizi boshqa davlatlar mehnat bozorlarida faoliyat yuritmoqda. Rossiyaga noqonuniy borayotgan fuqarolarimiz soni koʻpchilikni tashkil etadi. Rossiyada patent narxi balandligi, mehnat migrantlari imtihon topshirishi kerakligi, rus tilini bilish darajasi va huquqiy koʻnikmalari pastligi sabab fuqarolarning aksariyati noqonuniy migrantga aylanmoqda.
Mehnat migrantlariga munosib sharoitlar yaratish, ularning hayoti va sogʻligʻini ham mamlakat ichida, ham chet davlatda himoya qilish uchun vakolatli xorijiy tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Ana shu maqsadda agentlik tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarning tashqi mehnat bozoridagi extiyojlarini doimiy oʻrganib boradi.

Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya, Polsha, Turkiya, Latviya, BAA, Bolgariya, Qozogʻiston, Kuvayt davlatlarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan tartibda mehnat faoliyati bilan taʼminlash bilan shugʻullanuvchi 60 ish beruvchi va bandlik agentliklari bilan aniq kelishuvlari mavjud. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Bolgariya, Latviya, Litva, BAA, Polsha, Yaponiya, Belarus, Estoniya, Xorvatiya, Qozogʻiston, Ukraina, Chexiya, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Gretsiya, Germaniya, Isroil, Qatar, Ummon, AQSH davlatlaridagi 170 dan ortiq ish beruvchilar bilan ishga joylashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining chet eldagi vakolatxonalari tomonidan 2019-yilda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining 20 ming 934 nafariga maslahat xizmati va 830 nafariga huquqiy yordam koʻrsatilgan. Mehnat migrantlarining jami 578 ming 564 AQSH dollari hajmidagi ish haqlari xorijiy ish beruvchilardan undirib berilgan. Xorijda turli sabablar bilan qiyin ahvolga tushib qolgan 3 ming 323 nafar mehnat migranti Vatanimizga qaytarilgan.
