Mehnat kodeksining mohiyati keng targ‘ib qilinmoqda
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022 yil 28 oktyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini keng tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bu borada Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi tomonidan korxona, tashkilotlarda, kichik biznes sub’ektlarida davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar tashkil etilyapti. Xususan, Oliy Majlis Senati a’zolari Nosirbek Abdullaxonov va Baxtiyor Umarov ishtirokida Davlatobod tumanidagi "Orzu" kichik sanoat zonasida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazilgan muloqotlarda ishchi-xodimlarga yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan yaqindan tanishtirilib, uning qabul qilinishi, jamiyatdagi ahamiyati haqida tushunchalar berildi.

Ta’kidlanganidek, Mehnat kodeksi davlatimiz rahbarining “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 135-bandiga asosan ishlab chiqilgan. Mehnatga oid ushbu qonunlar to‘plamini qabul qilishda 10 dan ortiq xalqaro va nodavlat tashkilotlar qatnashgan bo‘lib, Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyalari va bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan.

Senatorlar, shuningdek, yangi kodeksni ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, ish beruvchilari, kasaba uyushmalari va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari va fuqarolar tomonidan muhokama qilinganligi, buning natijasida ko‘plab takliflar berilgani haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, kodeksda ijtimoiy va huquqiy himoyaga muhtoj ishchilar ayrim toifalari – ayollar va oilaviy majburiyatlarni bajarish bilan shug‘ullanadigan shaxslar, 18 yoshga to‘lmagan ishchilar, nogironlar, o‘rindoshlik asosida ishlovchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlar mehnatini tartibga solishning o‘ziga xos jihatlari izohlab berildi.

Namangan shahrida yangi oliy ta’lim muassasalaridan biri – “Turon" xalqaro universitetida talaba-yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan davra suhbatida mehnat kodeksining maqsad-vazifalari, uning alohida jihatlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Muloqotda so‘z olgan O'zLiDeP siyosiy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Aktam Xaitov yangi tahrirdagi mehnat kodeksining mohiyati haqida tushuncha berarkan, mazkur hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizdagi mehnat munosabatlarini takomillashtirishga, yurtimizda “Inson qadri uchun” bosh tamoyili inson qadrini ulug‘lashga, mehnatini qadrlash va fuqarolarning turmush darajasini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Bundan tashqari bandlik, yakka tartibdagi mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish, nizolarni ko‘rib chiqish kabi normalar o‘z ifodasini topganligiga e’tibor qaratildi.
Talabalar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.Tadbir yakunida partiya yetakchisi Aktam Xaitov universitet axborot kutubxona markaziga “Taraqqiyot strategiyasi” nomli kitoblar jamlanmasini esdalik sovg‘asi sifatida taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.