Mehnat jamoalaridagi iste’dodlar sahnada
Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, aholi o‘rtasida badiiy ijodga qiziqishni oshirish, ular orasidagi iqtidorli havaskor ijodkorlarni aniqlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi hamda viloyat Madaniyat boshqarmasi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston ovozlari” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Prezidentimizning 2026-yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida o‘tkazilgan mazkur tadbir hududda yangi iste’dodlarni aniqlash, havaskor ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratildi.

Unda turli davlat va jamoat tashkilotlarining mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan 60 nafarga yaqin turli kasb egalari o‘z san’atini namoyish etdi. Nomzodlar “An’anaviy xonandalik”, “Estrada xonandaligi” va “Raqs ijrochiligi” yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi. Ishtirokchilar 18–35, 36–50 hamda 50 yosh va undan yuqori yosh toifalari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
— Maqsadimiz kasaba uyushmasi a’zolari orasidagi iste’dodli havaskor ijodkorlarni aniqlash bilan birga madaniy-ma’rifiy muhitni yanada rivojlantirishdir, — dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva. — Tanlov yakuniga ko‘ra, har bir yo‘nalish va yosh toifasi bo‘yicha jami 27 nafar ishtirokchi 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallab, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, ishtirokchilarning ijodiy mahorati va sahnadagi chiqishlari e’tirof etilib, “Eng yaxshi milliy qo‘shiq ijrochisi”, “Eng yaxshi vatanparvarlik ruhidagi ijro”, “Milliy merosga sadoqat”, “Eng yaxshi sahna madaniyati” kabi jami 9 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar munosib rag‘batlantirildi.

Tanlovda faol ishtirok etgan boshqa ishtirokchilarga ham ularning ijodga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mazkur ko‘rik-tanlov turli sohalarda faoliyat yuritayotgan insonlarning san’atga bo‘lgan qiziqishi va ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun o‘ziga xos maydon bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA