Mehnat insonni ulug‘laydi
Oramizdagi zamondoshlarimiz
Inson qaysi sohada bo‘lmasin, hurmat qozonishi, o‘z kasbining mohir egasi bo‘lishi tinimsiz mehnat va shu tanlagan ishiga bo‘lgan mehrga bog‘liq. O‘z kasbini sevgan, ishini yaxshi ko‘rgan va hayotining bir qismiga aylantira olgan insonlargina el ichida obro‘ga ega bo‘ladi, jamoasida hurmatga sazovor bo‘lgan holda namunali xodim sifatida e’tirof etiladi. “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialida ham ana shunday jonkuyar xodimlar ko‘p. Ulardan biri Axtam Roziqovdir.

A.Roziqov mana o‘ttiz yildirki, gaz ta’minoti tizimida mehnat qilib kelmoqda. Ayni paytda u “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialida mehnatni muhofaza qilish, ekologik va sanoat xavfsizligi bo‘limi yetakchi muhandisi lavozimida faoliyat olib bormoqda. Uni doim qizg‘in ish jarayoni ustida uchratasiz.
A. Roziqovdagi mas’uliyat, jonkuyarlik, tinib-tinchimaslik bugun tizimning ko‘plab yosh xodimlari uchun namuna bo‘la oladi. Bu yutuqqa yillar davomida gaz sohasida mashaqqatli mehnat qilish evaziga erishgan.
– Gaz ta’minoti tizimi juda qiziq va o‘ta mas’uliyatli soha, – deydi A. Roziqov. – Avvalo, gaz o‘zi nima, u qanday paydo bo‘ladi, iste’molchiga qanday yetkaziladi? Mana shu kabi ilk boshlang‘ich ma’lumotlarni har bir yangi yosh kadr yaxshi bilishi, o‘z ustida tinmay ishlashi kerak. Gaz xo‘jaligi xavfsizligi qoidalariga rioya etish, mehnat va sanoat xavfsizligi – muhim masala. Ish faoliyatim davomida bu narsaga alohida e’tibor qarataman. Birgina e’tiborsizlik yoki beparvolik oqibatida ko‘ngilsiz holatlar yuz berishi mumkin. Hozir yillar davomida ustozlarimdan o‘rganganlarimni shogirdlarimga o‘rgatib kelmoqdaman. Ishimiz juda mashaqqatli, ammo bu kasb hayotimning mazmuniga aylangan.
A.Roziqov oilada bir o‘g‘il va bir qizning otasi. “Ot izini toy bosar”, deganlaridek, o‘g‘li ham ota izidan borib, gaz ta’minoti sohasida ishlamoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri