Mehmonlar e’tirofidagi tarixiy meros
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boy tarixiy merosimizni o‘zida jamlagan yirik ma’naviy-ma’rifiy majmuadir. Bu yerda o‘tmishimizni, tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosimizni namoyish etuvchi ekspozitsiyalar bilan birga, turli xalqlar va sivilizatsiyalarning bir-biriga bog‘liqligi va o‘zaro ta’siri haqidagi tarixiy ma’lumot va faktlar ham o‘z ifodasini topgan.
Yurtimizga tashrif buyurayotgan martabali mehmonlar, xorijiy sayyohlar, albatta, markazda bo‘lib, boy merosimiz bilan yaqindan tanishishmoqda, uning har bir zalida zamonaviy texnologiyalar asosida aks ettirilgan tarixiy manbalardan voqif bo‘lishmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Suy Dunyu boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Markazning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mehmonlar tashrif chog‘ida Markazning Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalar bo‘limidagi Buyuk Ipak yo‘li ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Paxtaga bag‘ishlangan installyatsiya delegatsiya vakillarining e’tiborini tortdi. Suy Dunyu paxtaning Hindiston orqali Markaziy Osiyoga, keyinchalik esa Xitoyga kirib borgani haqida fikr bildirdi. Bu esa bir qarashda oddiy qishloq xo‘jaligi ekinlari tarixi bo‘lib ko‘ringan voqelik ortida qadimiy savdo yo‘llari va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik mujassam ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi ijrochi direktori Erik Traxtenberg esa Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston tarixining jahon sivilizatsiyalari bilan mushtarak jihatlarini alohida e’tirof etdi. mehmon bugun Ipak yo‘lining qadimiy izlari, ilm-fan va madaniyatlar tutashuvi, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tarixiy aloqalar O‘zbekistonda yangi talqinda — Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida namoyon bo‘layotganini qayd etdi.
Darhaqiqat, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradigan har bir xorijiy mehmon uning noyob ekspozitsiyalaridan, buyuk ajdodlarimizning boy merosidan hayratu havas bilan bahramand bo‘lmoqda. Tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan Markaz mehmonlarning munosib e’tirofiga sazovor bo‘layotgani quvonarlidir.
M.Komilova, O‘zA