Media soha ravnaqiga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi
Huquqiy-me’yoriy hujjatlar loyihasining atroflicha tahlil va muhokamasi ularning har jihatdan mukammalligini ta’minlashda muhim omil sanaladi. O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan “Loyihalar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir jurnalistika sohasi rivoji, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy media muhitida yangi tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan loyihalar taqdimotiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi tomonidan sohaning dolzarb masalalarini o‘rganish va jurnalistikani rivojlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida mart-may oylari davomida respublika xududlarida 50 ga yaqin tadbirlar o‘tkazildi. Ularda ming nafarga yaqin jurnalist, media-eksperti va soha vakili ishtirok etdi.
“Loyihalar kuni” taqdimot marosimi o‘tkazilgan tadbirlar davomida bildirilgan taklif va mulohazalarga asosan ishlab chiqilgan loyihalarni muhokama qilish maqsadida tashkil qilindi.
[gallery-29759]
Tadbirda ishtirokchilar bir qator yangi tashabbus va loyihalar bilan tanishtirildi. Jumladan, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining yangilanish konsepsiyasida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va global axborot makoni sharoitida Uyushmadan talab etilayotgan yangi kompetensiyalar, zamonaviy media yondashuvlari hamda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aks etgan.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining Etika komissiyasini tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi. Taqdimot davomida komissiyaning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, ish tartibi hamda jurnalist etikasi va kasbiy mas’uliyatini mustahkamlashdagi o‘rni haqida ma’lumot berildi.
Jurnalistlarga huquqiy-psixologik yordam markazini tashkil etish loyihasi ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu markaz faoliyati jurnalistlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, kasbiy faoliyat davomida yuzaga keladigan turli muammolar bo‘yicha amaliy va psixologik ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi “Blogerlar kengashi”ni tashkil etish loyihasini ham taqdim etdi. Mazkur tashabbus blogerlik faoliyatini rivojlantirish, blogerlar media savodxonligini oshirish, professional media maydonda blogerlar va davlat idoralari hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun taqdim etilayotgan yangi imkoniyatlar taqdimoti ham o‘tkazildi. Unda OAVlarning davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tanlovlarida ishtirok etish tartibi, moliyalashtirish mexanizmlari, loyiha takliflarini ishlab chiqish va taqdim etish jarayonlari hamda amaldagi qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida ma’lumot berildi.
Qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘lgan ushbu tadbirda jurnalistlar, blogerlar, media sohasi vakillari, mutaxassislar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Loyihalar kuni” media sohasi vakillari uchun yangi imkoniyatlar, hamkorlik aloqalari va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan fikr almashish va munozara maydoniga aylandi.
N.Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari