Media haftalik Sirdaryoning axborot salohiyatini namoyon etdi
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan “Media haftalik” doirasida 777 nafar media sohasi vakili, jurnalist, bloger, matbuot kotibi va yosh kontent yaratuvchilar qamrab olindi. Besh kun davom etgan o‘quvlar, amaliy mashg‘ulotlar va mahorat darslari hududda zamonaviy media muhitini shakllantirish, axborot sohasi xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish hamda raqamli kommunikatsiyalar imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Bugun axborot davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlaydigan muhim omilga aylanmoqda. Shu bois mamlakatimizda jurnalistika, axborot siyosati va raqamli kommunikatsiyalar sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Media haftalik” ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etdi.


Guliston shahridagi Yoshlar markazida tashkil etilgan tadbirlar jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari, mobilograflar, SMM mutaxassislari va kontent yaratuvchi yoshlarni bir maydonga jamladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, mediaxavfsizlik, faktcheking, mobil jurnalistika, strategik kommunikatsiyalar, ijtimoiy tarmoqlarda samarali faoliyat yuritish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.


Haftalik natijalari raqamlarda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Jami ishtirokchilarning 234 nafari mobilograflar, 201 nafari kontent yaratuvchi yoshlar, 171 nafari SMM mutaxassislari, 55 nafari matbuot kotiblari, 39 nafari bosma nashrlar xodimlari, 38 nafari blogerlar, 15 nafari teletasvirchi va montajchilar, 13 nafari telejurnalistlar hamda 11 nafari hujjatli filmlar tayyorlovchilardan iborat bo‘ldi.
Tadbirning yana bir muhim jihati turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan media vakillari uchun tajriba almashish va hamkorlik muhitini yaratganida bo‘ldi. Muloqotlar davomida sohadagi zamonaviy tendensiyalar, raqamli platformalar imkoniyatlari va axborot makonidagi dolzarb chaqiriqlar muhokama qilindi.
Media haftaligi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etildi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazida “Biz — jurnalistlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu to‘plamdan 1990–1996-yillarda Toshkent davlat universiteti Jurnalistika fakultetida tahsil olgan 54 nafar ijodkorning maqolalari, she’rlari, hikoyalari va fotosuratlari o‘rin olgan.
–“Biz — jurnalistlar” kitobi taqdimoti turli avlod jurnalistlari o‘rtasidagi ijodiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi. Unda jamlangan ijodiy namunalar milliy jurnalistika tarixining muayyan davri va ijodkorlar hayot yo‘lini aks ettiradi. Eng muhimi, bunday uchrashuvlar yosh jurnalistlar uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘taydi, – dedi Dilorom Ismadiyorova.
Media haftaligining yopilish marosimida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurahmonov bu kabi loyihalar hududlarda media sohasi salohiyatini oshirish, jurnalistlar va kontent yaratuvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Sirdaryo viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi Manuchehr Mirzayevning ta’kidlashicha, keyingi ikki yilda viloyat media makonida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

– Agar 2024-yilda viloyat bo‘yicha 314 ta media tadbir o‘tkazilgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga kelib bu ko‘rsatkich 6247 taga yetdi. Bu media faollikning qariyb 20 barobar oshganini anglatadi, – dedi u.
Axborot xizmatlarini rivojlantirish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Matbuot kotiblari soni 48 nafardan 65 nafarga yetkazildi. Barcha shahar va tuman hokimliklari axborot xizmatlari zamonaviy foto va video texnika, xizmat avtomobillari hamda boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi.
Kelgusida media tadbirlar sonini 8 mingtaga yetkazish, jonli efirlar ko‘lamini kengaytirish, matbuot kotiblari sonini 80 nafarga ko‘paytirish, raqamli platformalardagi auditoriyani yanada oshirish hamda sifatli media mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, viloyatda zamonaviy “Matbuot uyi” hamda “Media va raqamli texnologiyalarni joriy etish markazi”ni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mazkur loyihalar jurnalistlar, blogerlar va media sohasi vakillari uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Media haftaligi yakunlari Sirdaryoda axborot sohasi izchil rivojlanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Bugun hududda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanadigan, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni ta’minlaydigan va raqobatbardosh kontent yaratadigan yangi media muhiti shakllanmoqda. Bu esa Sirdaryoning mamlakat axborot makonidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA