Mebel sanoati: ichki va xalqaro bozor uchun yangi imkoniyatlar
Bugun “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Ishlab chiqarish texnologiyalari. Yog‘ochsozlik. Mebel va butlovchi qismlar - WoodTech & MebelExpo Uzbekistan 2026” 22-xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada 13 mamlakatdan 127 ta kompaniya yog‘ochsozlik, mebel sanoati, butlovchi qismlar va interer dizayni uchun texnologik yechimlarni taqdim etmoqda.
Tashkilotchilarning qayd etishicha, mazkur tadbir sanoat mutaxassislari o‘rtasida samarali muloqotni rivojlantirish, mahalliy mebel ishlab chiqaruvchi korxonalarni jahonning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda modernizatsiya qilish, shuningdek, talab yuqori bo‘lgan xomashyo va materiallar bilan ta’minlash imkoniyatini yaratmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mebel mahsulotlari sifatini oshirish, ularning ekologik tozaligini ta’minlash hamda turlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur jarayonlar mahsulotlarning ichki va xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini yanada kuchaytirishga zamin yaratadi.
“Eman” MCHJ vakili Ulug‘bek Tolipovning so‘zlariga ko‘ra, bu namoyish ishtirokchilarni muloqot va hamkorlikka undamoqda.
[gallery-29042]
– “Eman” MCHJ mebelsozlik sohasida faoliyat yuritadi. Biz asosan zamonaviy uy va ofis mebellarini ishlab chiqaramiz. Ishlab chiqarish jarayonida sifat, qulaylik va zamonaviy dizayn uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratamiz. Shu bilan birga, mijozlar talabidan kelib chiqib, individual buyurtmalar asosida mebel tayyorlash va interer yechimlarini taklif etish bilan ham shug‘ullanamiz. Bugungi kunda xaridorlar talablari ancha yuqori. Ular nafaqat sifat, balki zamonaviy dizayn va qulaylikka ham e’tibor berishmoqda. Shu sababli, biz ham innovatsion yechimlar va yangi materiallardan foydalanishga alohida ahamiyat qaratamiz. Yaqin istiqbolda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va eksport salohiyatimizni oshirishni rejalashtirganmiz. Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etishdan asosiy maqsad mahsulotlarni keng auditoriyaga tanishtirish, bozordagi yangi tendensiyalar bilan yaqindan tanishish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat, – dedi U.Tolipov.
Ko‘rgazma doirasida eng zamonaviy yog‘ochga ishlov berish dastgohlari, uskuna va asboblar, mebel ishlab chiqarish uchun materiallar, xomashyo va butlovchi qismlar, shuningdek, uy va ofis intererlari uchun tayyor mebel namunalari namoyish etilmoqda. Shu bilan birga, bu yilgi tadbirda mebel kimyoviy moddalari sektori ham alohida yo‘nalish sifatida keng yoritilib, unda yelimlar, laklar va bo‘yoqlar zamonaviy formatda taqdim etilayotgani bilan ahamiyatli.
Nasiba Ziyodullayeva, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA