MDH maydonida O‘zbekiston – Belarus hamkorligi
Yangi O‘zbekistonning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi so‘nggi yillarda amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Bu jarayonda iqtisodiy manfaat, inson kapitali, mehnat migratsiyasi, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalar bir-birini to‘ldiruvchi yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Markaziy Osiyodan tashqari MDH makonida respublikamiz uchun muhim sherik Belarus Respublikasidir.
Mamlakatlarimiz hamkorligi ahamiyati faqat an’anaviy do‘stlik yoki siyosiy muloqot bilan o‘lchanmaydi. Bu yo‘nalish, avvalo, sanoat kooperatsiyasi, mashinasozlik, agrosanoat, farmatsevtika, ta’lim va hududlararo hamkorlik nuqtai nazaridan muhim. Belarus bilan sheriklikning o‘ziga xos jihati ko‘proq “tayyor texnologiya + qo‘shma ishlab chiqarish + amaliy loyiha” formatida rivojlanmoqda. Toshkent va Minsk o‘rtasidagi munosabatlarni faqat tashqi savdo hajmi bilan emas, balki qaysi tarmoqlarda qanday mexanizmlar ishga tushirilayotgani, qaysi kelishuvlar amalda qanday natija berayotgani va bu aloqalarning keyingi bosqichi nimadan iborat ekani orqali baholash to‘g‘riroq bo‘ladi.
Ikki o‘lka o‘rtasida 2024-yil Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi hal qiluvchi nuqta bo‘lganini qayd etish kerak. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Harakatlar rejasi” qabul qilindi. Muzokara paketi doirasida elektron mahsulot sertifikatlash tizimidan foydalanish to‘g‘risida, raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi bitim, ilmiy-ishlab chiqarish kooperatsiyasi to‘g‘risidagi kelishuv, Toshkent va Minsk o‘rtasida birodar shaharlar munosabatlari haqidagi hujjat, energetika sohasida hamda intellektual mulk sohasidagi protokol, sport, madaniyat, maktabgacha ta’lim kadrlarini qayta tayyorlash, ta’lim, agrosanoat va turizm bo‘yicha alohida dastur va “yo‘l xaritalari” imzolangan. Ya’ni, ikki tomonlama munosabatlar 2024-yildan boshlab aniq sektorlar va ijro muddatlariga ega hujjatlar darajasiga ko‘tarildi.
2025-yil iyul oyida o‘tgan telefon muloqotida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko aynan shu tashrif davomida qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ning ijrosini muhokama qilgani ham bejiz emas. Suhbat davomida 2024-yil fevral oyidagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amaliy ro‘yobga chiqarish, hukumatlararo komissiya, tashqi ishlar vazirliklari va boshqa darajalardagi faol aloqalar ijobiy baholangani alohida e’tirof etildi. Yil boshidan savdo aylanmasi 28 foizga oshgani, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan. Demak, bunda “yo‘l xaritasi” amaliy monitoring ob’ektiga aylanganini ko‘rishimiz mumkin.
Savdo dinamikasi
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil yakunida ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 965 million dollarga yetgan. Bu 2024-yildagi 774 million dollarga nisbatan qariyb 191 million dollarga ko‘p. Shu jadvalning o‘zida 2023-yilda mazkur ko‘rsatkich 654,7 million dollar bo‘lgani ko‘rsatilgan. Ya’ni, uch yillik dinamikada O‘zbekiston–Belarus savdosi 654,7 million dollardan 965 million dollargacha o‘sgan.
Joriy yil fevral oyida davlatimiz rahbari Belarus bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qilar ekan, o‘tgan yilda ikki tomonlama tovar aylanmasi 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetganini ta’kidladi. Belarus O‘zbekiston uchun qishloq xo‘jaligi texnikalari, sanoat texnologiyasi va kooperatsiyasi manbai sifatida ahamiyatli. O‘z navbatida, O‘zbekiston Belarus uchun Markaziy Osiyoga kirish bozori va ishlab chiqarishni lokallashtirish maydoni sifatida muhim. Aleksandr Lukashenkoning 2024-yil fevralida “Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyoga darvoza deb bilamiz” degan bayonoti aynan shu mantiqni ifodalaydi.
Hududlararo format
O‘zbekiston – Belarus hamkorligining eng muhim tomonlaridan biri sifatida hududlararo format institutlashgani hisoblanadi. Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko 2024-yil fevral oyida poytaxtimizda O‘zbekiston – Belarus hududlararo ikkinchi forumi o‘tgani, unda ikki davlatdan vazirlik va idoralar, mahalliy boshqaruv va biznes vakillari qatnashganini, yakunda 20 dan ortiq bitim imzolanib, ularning umumiy qiymati taxminan 80 million dollarni tashkil etganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, hududlararo hamkorlikning ahamiyati shundaki, u katta siyosiy qarorlarni mahalliy iqtisodiyotga tushiradi. Masalan, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi texnikasi, qurilish materiallari yoki tekstil sohasidagi kelishuvlar ko‘pincha aynan hududlar forumi yoki tarmoq biznes-forumlari doirasida tezroq ijroga o‘tadi. Shuningdek, Belarus hukumati ham hukumatlar va parlamentlar o‘rtasida faol muloqot saqlanayotgani, hududlararo hamkorlik kengayayotganini rasman ta’kidlagan.
Sanoat
E’tiborlisi, joriy yil fevral oyida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev A.Turchin bilan uchrashuvda yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish uchun mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lumki, Belarus “Servolux” guruhining O‘zbekistonda qiymati 170 million dollar bo‘lgan agrosanoat investitsiya loyihasi taqdim etildi. Loyiha broyler tovuq yetishtirish, go‘shtni qayta ishlash hamda yem-xashak ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni nazarda tutadi. Bu hamkorlik faqat traktor yoki avtobus emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi, chorvachilik zanjiri va qayta ishlash sanoatiga ham kirib borayotganini anglatadi. Agar loyiha to‘liq quvvatga kirsa, ikki tomonlama munosabatlardagi agrosanoat kooperatsiyasining yangi referent nuqtasiga aylanishi mumkin.
2025-yil sentabrida Vitebsk shahrida o‘tgan 3-Belarus – O‘zbekiston xotin-qizlar biznes forumi ham kooperatsiyaning tarmoq kesimida chuqurlashayotganidan darak beradi. O‘zbekiston Investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, forumning tematik seksiyalari yengil sanoat, mashinasozlik, turizm, ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash, agrosanoat, yoshlar siyosati va hududiy rivojlanish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Madaniy aloqalar va turizm
Yaqin yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi gumanitar aloqalar ham institutsional shakl ola boshladi. 2024-yil fevral oyida ikki davlat rahbarlari ishtirokida 2024–2025-yillar uchun sport sohasida hamkorlik dasturi, madaniyat va san’at sohasida hamkorlik dasturi hamda turizm sohasida harakatlar rejasi imzolandi.
O‘tgan yil mart oyida Minskdagi “Leisure-2025” xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirok etdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, ko‘rgazmaning birinchi kunining o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi 50 dan ortiq o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishgan. Takidlanishicha, bu yerda muhim jihat raqamning o‘zi emas, balki turizmning Belarus bilan munosabatlarda xizmatlar eksporti va mintaqaviy tanitish vositasiga aylanayotganidir. Turizm munosabatlarni “madaniy aloqa” darajasida emas, aviaqatnov, mehmonxona, turoperator, restoran va chakana xizmatlar zanjiri darajasida harakatga keltiradi.
Umuman olganda, O‘zbekiston – Belarus munosabatlari bugun MDH maydonida eng yaqin sheriklik formatlaridan biriga aylanmoqda va bu munosabatlar tobora ko‘proq amaliy integratsiya shaklini olmoqda, deyish mumkin.
Dilshod Hakimov, O‘zA