Maysazorda ish qizg‘in
Surxondaryo viloyatida 3 ming 500 dan ortiq fermer xo‘jaligi 98 ming gektar sug‘oriladigan maydonda g‘alla parvarishlamoqda.
Surxondaryo viloyatida 3 ming 500 dan ortiq fermer xo‘jaligi 98 ming gektar sug‘oriladigan maydonda g‘alla parvarishlamoqda.Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, dehqonlarimizning sifatli, mo‘l hosil yetishtirishida yuksak samaralar bermoqda. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni kengaytirish, seleksiya ishlarini tubdan yaxshilash, hududlarning iqlim va tuproq sharoitiga mos navlarni ekish, shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajargan fermerlarni munosib rag‘batlantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar yutuqlar omili bo‘lmoqda.
Qish faslining mo‘tadil kelayotganidan unumli foydalanayotgan g‘allakorlar bu yil ham boshoqli don ekinlaridan mo‘l hosil olish uchun dala yumushlarini qizg‘in davom ettirmoqda. Bir tekis rivojlanayotgan ekinlar tajribali mirishkorlar maslahati va tavsiyasi asosida sug‘orilib, mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirilayotir. Maysalarni bargidan suspenziya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ekin maydonlariga yetarli mahalliy o‘g‘it g‘amlash uchun mavjud texnika vositalari va ishchi kuchi jalb etilgan.
– Mahalliy o‘g‘it yerning malhami, – deydi Surxondaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Husan Xolboyev. – U tuproqdagi namlikni me’yorida saqlab turadi. O‘g‘it bilan oziqlantirilgan maydonlarni belgilangan muddatlarda sug‘orish maysani rivojlantirib, hosildorlikning yanada oshishiga ko‘maklashadi. Suspenziya usulida bargidan oziqlantirish maysaning turli zararkunandalarga chidamliligini oshiradi. Ayni paytda g‘allakorlarimiz mavjud maydonlarni sharbat usulida sug‘ormoqda.
Viloyat fermerlari asosiy maydonlarda “Polavchanka”, “Kroshka”, “Krasnodar-99”, “Tanya” kabi mahalliy iqlimga mos, serhosil va ertapishar g‘alla navlarini parvarishlayotir. Shuningdek, “Gurom”, “Bobur”, “Denov”, “Gratsiya” kabi yangi va serhosil navlar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi “To‘lagan o‘g‘li Esonqul” fermer xo‘jaligi 46 gektar maydonga g‘allaning “Asr” navini ekkan.
– G‘allachilikning serdaromad tarmoqqa aylanayotgani biz, fermerlarda ham yangi navlar ekish, hosildorlikni yanada oshirishga katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi “To‘lagan o‘g‘li Esonqul” fermer xo‘jaligi rahbari Iqbol Qodirova. – Ana shu maqsadda o‘tgan yili kuzda “Asr” navli bug‘doy urug‘ini qadab, bir tekis undirib oldik. Maysa baravj tuklayotir. Har gektar yerdan 50 sentnerdan ortiq hosil olishni mo‘ljallamoqdamiz. Shu kunlarda ekin maydonlarini oziqlantirish uchun yetarli miqdorda mahalliy o‘g‘it g‘amlayapmiz.
Bu yil Jarqo‘rg‘on tumanida 267 fermer xo‘jaligi 9 ming 330 gektar sug‘oriladigan maydonda boshoqli don yetishtirmoqda. Hozirgacha ekin maydonlari to‘rt marta sug‘orilib, suspenziya qilindi. Mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, dalaga mahalliy o‘g‘it g‘amlash ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Denov tumanida 388 fermer xo‘jaligi 9 ming 904 gektar maydonda g‘alla parvarishlamoqda. Bir tekis rivojlanayotgan maysani sharbat usulida sug‘orish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, mahalliy o‘g‘it jamg‘arish belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning Sariosiyo, Oltinsoy, Sho‘rchi, Angor, Sherobod, Qiziriq tumanlaridagi g‘allazorlarda ham qishki dala yumushlari ilg‘or agrotexnik tadbirlar asosida qizg‘in davom ettirilmoqda.