Surxondaryolik futbolchi qizlar bosh sovrinni qo‘lga kiritdi
Navoiyda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida “Yashil maydon malikalari” musobaqasining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida “Yashil maydon malikalari” musobaqasining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Bu yoshlar, ayniqsa, qizlarning sog‘lom va barkamol voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Navoiy viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo va Navoiy viloyati jamoalari g‘oliblik uchun bahslashdi.
Surxondaryolik futbolchi qizlar birinchi o‘rinni egalladi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi, uchinchi o‘rinlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyati jamoalariga nasib etdi.
– Musobaqada g‘alaba qozonish oson bo‘lmadi, – deydi Surxondaryo viloyati jamoasi sardori Nigora Muhammadiyeva. – Mamlakatimizda xotin-qizlarni sportga jalb etishga qaratilayotgan alohida e’tibor ayniqsa qizlarga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bugungi musobaqa ham xotin-qizlar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.