Mavsumga tayyorgarlik prokuratura nazoratida
Bosh prokuror o‘rinbosari J.Xatamov va Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida qish mavsumga tayyorgarlik holatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Jumladan, Kogon shahridagi “Issiqlik manbai” DUKga qarashli “RK-3” qozonxonasini qish mavsumiga tayyorligi hamda gaz quvurlarining holatlari o‘rganildi. Bu borada aniqlangan kamchiliklar joyida muhokama qilindi. Mutasaddi idoralar rahbarlariga muammolarni tez fursatlarda bartaraf etish hamda qozonxonani qish mavsumiga shayligini sifatli ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan Kogon shahridagi 3-sonli umumta’lim maktab binosining qish mavsumiga tayyorgarligi o‘rganilib, mutasaddi idoralar rahbarlariga maktabga issiqlik ta’minoti, xususan, tejamkor elektr energiya hamda ko‘mir zaxirasi bilan to‘liq ta’minlash choralarini tez fursatlarda hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.


Ishchi guruh tomonidan Shofirkon va Buxoro tumanlarida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr, tabiiy gaz, ko‘mir va ichimlik suvini yetkazib berish holatlarining qish mavsumiga shayligi, shuningdek, bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlash, oziq-ovqat zaxirasini yaratish va uni saqlash bo‘yicha bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.