Matonatli pauerliftingchilarimiz qit’a chempionatining ilk kunida 4 ta medalli bo‘ldi
Tailand poytaxti Bangkok shahrida para pauerlifting bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tayotgan navbatdagi Osiyo-Okeaniya chempionatining ilk kunida matonatli para sportchilarimiz 4 ta medalga ega chiqdi.
28 ta mamlakatning 250 nafarga yaqin matonatli sportchilari ishtirokida kechayotgan birinchilikning dastlabki kungi bahslarida terma jamoamiz a’zolaridan Bahriddin Xolbo‘tayev yoshlar o‘rtasida -54 kilogramm vaznda 121 kilo toshni bo‘ysundirib oltin, total yo‘nalishida 237 kg. ko‘rsatkich bilan bronza medaliga ega chiqdi.

Shuningdek, yosh sportchilarimizdan Abdulloh Abdulazizov -49 kilogramm vaznning best yo‘nalishida 139 kg. hamda total yo‘nalishida 404 kg. natija qayd etgan holda 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, 13-aprelga qadar davom etadigan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasining 36 nafar a’zosi ishtirok etmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA