Matonatli ayol Dilorom Yo‘ldosheva OʻzLiDeP safiga qo‘shildi
Matonatli va jasoratli ayol – denovlik Dilorom Yo‘ldosheva ikki yil oldin baxtsiz hodisa tufayli ikkala oyog‘idan ajralgan. U bugun hayot sinovlariga qarshi mardona kurashib, tikuvchilik qilib, boshqalarga ibrat ko‘rsatmoqda. OʻzLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi “Ayollar qanoti” vakillari, Denov tumani kengashi deputatlari Dilorom Yo‘ldosheva tashkil etgan mo‘’jazgina tikuvchilik sexiga tashrif buyurdi.
Dilorom Yo‘ldosheva Adliya vazirligi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Imkon” ijtimoiy-huquqiy loyihasining qahramoniga aylanib, ushbu loyiha orqali o‘zi qiziqqan soha – tikuvchilik yo‘nalishida bilim va malakasini oshirdi. Qonunchilikda belgilangan imtiyozlarning qo‘llanilishi orqali o‘z tikuvchilik sexini ochdi. Dastlab u bir o‘zi tikuvchilik orqali oyiga 1,5 million so‘m daromad topgan bo‘lsa, loyiha natijasida o‘rtacha daromadi 20 million so‘mga oshib, 40 nafardan ortiq shogird yetishtirdi.

Yaqinda “BBC” 2024 yil uchun dunyoning 100 nafar ilhomlantiruvchi va ta’sirli ayollar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Nadya Murad, aktrisa Sheron Stounlar qatorida o‘zbekistonlik tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva ham o‘rin oldi.
OʻzLiDeP vakillari matonatli ayolning tikuvchilik sexidagi mavjud sharoitlar bilan tanishdi, samimiy suhbat jarayonida uning muammolarini o‘rgandi. Shuningdek, partiya maqsad-vazifalari haqida, OʻzLiDeP o‘zining tadbirkorligini yo‘lga qo‘yayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashi va bu borada qator loyihalarni amalga oshirishi haqida tushunchalar berildi.

Shundan so‘ng Dilorom Yo‘ldosheva OʻzLiDeP a’zolari safiga qabul qilinib, unga a’zolik guvohnomasi berildi.
Suhbat jarayonida tadbirkor ayol sex faoliyatini kengaytirish niyatida ekanligini bildirdi. Kelgusida ushbu sexda boshlang‘ich partiya tashkiloti ochishga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA