Matonat sohiblari kriket bilan shug‘ullanadi
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan, nogironligi bor insonlar bundan buyon kriket sport turi bilan ham shug‘ullanishi mumkin.
Bu haqda poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 66-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda kriket bo‘yicha murabbiy va sportchilar ishtirokida o‘tkazilgan ilk o‘quv-mashg‘ulot jarayonida O‘zbekiston kriket federatsiyasi bosh kotibi Jahongir Murodov ta’kidladi.

Mashg‘ulot davomida nogironligi bor va imkoniyati cheklangan yoshlarga kriket sport turining qoidalari tushuntirildi. O‘quv-mashg‘ulotda qatnashgan, ko‘rgazmali bahslarni bevosita kuzatgan matonat va iroda sohibi bo‘lgan yoshlar kriket sport turiga qiziqishi ortgani va mashg‘ulotlarda ishtirok etish, ushbu sport turi bo‘yicha jamoalar tuzish istagi borligini bildirishdi. Bu borada federatsiyasi vakillari yoshlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berishni o‘zlarining asosiy vazifasi sifatida qabul qilishdi.

Aytish lozimki, ushbu sa’y-harakatlar mamlakat kriket federatsiyasi va O‘zbekiston nogironlar jamiyati o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi asosida amalga oshirilmoqda.
I. Rahmonov, O‘zA