Matbuot kotiblari bilan uchrashuv
Har bir tashkilot yoki vazirlik faoliyatini keng jamoatchilikka muvaffaqiyatli taqdim etishda matbuot xizmati beqiyos o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Asadjon Xo‘jayev davlat organlari va tashkilotlar axborot xizmatlari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvda bu boradagi fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda axborot xizmatlari va matbuot kotiblarining faoliyati va uni ijtimoiy tarmoqlarda yoritish darajasi, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik murojaatlariga tezkor munosabat bildirishi hamda belgilangan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish intizomi muhokama qilindi.
Tadbirda A.Xo‘jayev axborot xizmatlari rahbarlari tomonidan taqdim etilgan media-rejaga muvofiq matbuot anjumanlari tizimli tashkil etilmayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, matbuot kotiblarining faoliyati, ishlash jarayoni har oyda baholanib borilishi, yaxshi natija ko‘rsatgan rahbarlar mukofotlash va rag‘batlantirishga tavsiya etilishi qayd etildi.
Shuningdek, faoliyati yuqori baholangan matbuot kotiblari alohida ta’kidlanib, sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan axborot xizmati rahbarlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi.
– Imkoniyat kutib o‘tirmasdan, uni izlash kerak. Zamon bilan tenglashib ishlash kerak, — dedi agentlik rahbari.
Uchrashuvda matbuot kotiblarining taklif va mulohazalari tinglanib, muammolar yechimini hamkorlikda hal etish istiqbollari belgilandi.
N.Usmonova, O‘zA