Mas’uliyat va nazorat: Tarkibiy tuzilmalar faoliyati tahlil qilindi
“O‘zbekgidroenergo” AJda nazoratdagi topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash hamda tarkibiy tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi tahliliy-tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda departamentlar, boshqarmalar va bo‘limlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, nazoratdagi vazifalar ijrosining joriy holati muhokama etildi. Xususan, ijro muddati yaqinlashgan topshiriqlar, belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi hamda ularning samaradorligi yuzasidan mas’ul rahbarlarning axborotlari eshitildi.

Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, yig‘ilish bayonlari hamda jamiyat rahbariyati tomonidan berilgan topshiriqlarning bajarilish holati ko‘rib chiqildi. Shuningdek, gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini saqlash, sel-suv toshqinlari mavsumida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tahlillar natijasida ayrim yo‘nalishlarda ishlarni yanada jadallashtirish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish va topshiriqlar bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mas’ul rahbarlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, har bir vazifaning natijadorligini ta’minlash va belgilangan muddatlarga so‘zsiz amal qilish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida tarkibiy tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish, nazoratdagi vazifalar bo‘yicha tahliliy ishlarni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA