Mas’uliyat va burch sabog‘i
Yurt kelajagi, mamlakat tinchligi va xalq osoyishtaligi avvalo vatanparvar, jasur va fidoyi yoshlar qo‘lidadir. Shu bois bugun mamlakatimizda yosh avlodni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida Sirdaryo viloyatining chekka hududlarida joylashgan umumta’lim maktablarida “Vatanparvarlik karvoni” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi hamda Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi hamkorligida o‘tkazildi.

Uchrashuvlar davomida yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqotlar tashkil etildi. Soha vakillari, faxriy harbiylar hamda mutaxassislar tomonidan harbiy xizmatning naqadar sharafli va mas’uliyatli ekani, Vatan himoyasi har bir yigitning muqaddas burchi hisoblanishi haqida ta’sirchan fikrlar bildirildi. Ayniqsa, faxriylarning hayotiy tajribalari, xizmat davridagi xotiralari va vatanparvarlik haqidagi mulohazalari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyati, qabul jarayonlari, yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Yoshlarga harbiy sohada ta’lim olish, kasb egallash va kelgusida mamlakat mudofaa tizimida munosib xizmat qilish imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berildi. Targ‘ibot materiallari, buklet va axborot qo‘llanmalari tarqatilib, o‘quvchilarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

– Biz bilamizki, bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat, burch va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. “Vatanparvarlik karvoni” kabi tadbirlar aynan shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. Chekka hududlardagi maktablargacha yetib borib, yoshlar bilan ochiq muloqot o‘rnatish, ularning qiziqish va savollariga javob berish, harbiy xizmatning haqiqiy mazmunini anglatish — bu kelajak avlod tarbiyasida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning ongu tafakkurida ijobiy o‘zgarishlar yasaydi, ularda vatanparvarlik hissini yanada kuchaytiradi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashining harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov.

Tadbir davomida yoshlar nafaqat harbiy soha haqida ma’lumotga ega bo‘ldi, balki Vatan taqdiriga daxldorlik, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini yanada chuqurroq his qildi. Ayniqsa, “Yurt tinchligi — xalq farovonligi garovi” ekani haqidagi fikrlar ishtirokchilar qalbida katta taassurot qoldirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA