Masofaviy taʼlim tizimi – davr talabi
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Ichki ishlar organlari xodimlarini masofadan oʻqitish tizimini joriy etish mexanizmlari” mavzusida oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Ichki ishlar organlari xodimlarini masofadan oʻqitish tizimini joriy etish mexanizmlari” mavzusida oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.
Masofaviy taʼlim – mustaqil boʻlib, u insonning mustaqil fikrlash, holatni baholash, xulosa va bashorat qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Masofaviy taʼlimning yana bir afzalligi shundaki, unda oʻquvchi oʻziga qulay vaqtda va hattoki ishdan ajralmagan holda bilim olishi mumkin. Aynan shunday afzalliklari tufayli ushbu tizim hozirgi kunda dunyoda keng tarqalgan. Koʻpgina yirik korxonalar mutaxassislari malakasini oshirish yoki oʻzgartirish uchun shu uslubdan foydalanilib, yiliga millionlab pul mablagʻlari tejalmoqda.
Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va uning joylardagi filiallarida oʻquv jarayonida zamonaviy innovatsion axborot texnologiyalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tadbirda Malaka oshirish instituti va uning filiallarida masofaviy taʼlim tizimini keng joriy etish, unda oʻqitishning zamonaviy interaktiv metodlarni qoʻllash samaradorligini oshirish masalalari haqida soʻz yuritildi.
Oʻquv seminari davomida interaktiv taʼlim berish, masofaviy oʻqitish platformalarining samaradorligi, elektron oʻqitish materiallarini shakllantirish, oʻquv siklining vazifalari va dizaynini ishlab chiqish, tushunish va eslab qolish darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan texnologiyalarni qoʻllash, samarali taqdimot, jumladan video taqdimot yaratish uchun zarur boʻlgan metodik va dasturiy taʼminotni tanlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Taʼlim tizimida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qoʻllash ham iqtisodiy, ham ijtimoiy samara beradi. Shu boisdan nazariy va uslubiy asoslarni rivojlantirib borish hamda zarur tashkiliy chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.