Mashaqqatli mehnati ortidan baxt topayotgan ayol
Oramizdagi odamlar
Bugungi kunda xotin-qizlar jamiyatimizning barcha sohalarida faol ishtirok etmoqda. Ayol – o‘qituvchi, ayol – shifokor, ayol – rahbar, ayol – diplomat, ayol – tadbirkor, ayol – iqtisodchi. Xullas, qay bir sohani olib qaramang, opa-singillarimiz mehnat qilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ammo shaxtyorlik kasbini egallab, unda uzoq yillardan buyon faoliyat olib borayotgan ayollarni kamdan-kam uchratamiz.
Aytishlaricha, shaxtyorlik dunyodagi eng xavfli 10 ta kasbning biri sifatida tilga olinar ekan. Albatta, yer ostida ishlash, tor yo‘lakchalar va havo yetishmasligi sharoitida mineral toshlarni maydalash, bu har kim ham bajara oladigan mashg‘ulot emas.

Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi Qadoq qishlog‘ida ishchi oilasida dunyoga kelgan Inobat opa O‘rolova ham ana shu mashaqqatli kasbni tanladi.
– Bolaligim qishloqda o‘tgan. Qishlog‘imiz aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi, – deya xotirlaydi Inobat opa. – Har bir oilada kamida 10 tadan qo‘y-echki, 2-3 tadan sigir bor. Oilada to‘rt qiz, uch o‘g‘il voyaga yetganmiz. O‘g‘il bolalar chorva mollarini boqish, qizlar esa gilam to‘qish bilan shug‘ullanganmiz. Yoshligimizdan bizning oilani qishloqdagilar “gilam to‘qish fabrikasi”, deb atashardi. Onam uy bekasi bo‘lganligi bois bizlarni yoshlikdan mehnatga o‘rgatgan. Birovga hasad qilmay, havas qilishga, halol mehnat qilishga undagan. Qishloqda ishlar ko‘p, lekin shuning bilan birga kitob o‘qishga, bilim olishga sharoit yaratib bergan. Qo‘lida diplomi bo‘lsa, davlat ishida ishlaydi. Oyligi, uyi, joyi bo‘ladi, der edilar. Ota-onam meni o‘qituvchi bo‘lib bolalarga dars berishimni orzu qilishgan. Shuning uchunmi, Jizzax pedagogika bilim yurtida o‘qidim. Turmushga chiqib, Zarafshon shahrida kombinatga qarashli bolalar bog‘chasida ishladim. Zarafshon shahridagi O‘quv markazida o‘qib, diplom oldim. Shundan so‘ng shaxtaga yer usti stvolchisi vazifasida ishga kirdim.

2017 yilda “Muruntov” shaxtasiga ishga kirgan Inobat opa yerning 700 metr chuqurligiga tushish va ishlash hamma uchun ham emasligini his etgan.
– Yashirmayman shaxtada ilk ish faoliyatimni boshlaganimda qo‘rqqanimdan rosa yig‘laganman. Birinchi kunimdanoq ishni tashlab ham ketmoqchi bo‘lganman. Lekin ustozlarim Anastasiya Blogadaryova va Gulmira Xudoyorovalarning daldasi ishda qolishimga sabab bo‘lgan, – deydi qahramonimiz. – Ishimizning xavflilik darajasi yuqori bo‘lgani uchun insondan katta mas’uliyatni talab etadi. Biz chuqurlikni ko‘rmaymiz, faqat signallarni to‘g‘ri berib, quloqlarimiz bilan eshitib, aqlimiz bilan ishlaymiz. Bizning birgina xatomiz yoki mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasligimiz baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun doim o‘ta hushyorlikda, e’tibor va mas’uliyatni his qilgan holda ishlaymiz. Yer ostida 3 gorizont chuqurlikda ishlayotganlar mehnatini doimo qadrlayman.

– Bir kuni ertalab ishga kelsam, boshlig‘imiz bir yoshi kattaroq ayolga o‘z ishimni o‘rgatishimni tayinladi. To‘g‘risi, hayron qoldim. Chunki har doim o‘zimdan kichik bo‘lgan yoshlarga ish o‘rgatganman. Kasbimiz nozik, o‘ta hushyorlikni, o‘z o‘rnida chaqqonlikni talab etadi. Bu opa bajara olmasalar kerak, deya e’tiroz ham bildirdim. Biroq menga biriktirilgan Inobat opa men o‘ylagandek emas, balki yoshlardan-da chaqqon chiqdi. Tezda boshqaruv pultlarini o‘rganib oldi. Har qanday vaziyatlarda ham ishni oldindan rejalashtirib olishga odatlandi. Kasb tanlash va o‘rganish yosh tanlamasligini men shu opada ko‘rdim, – deydi shaxta ichi transporti uchastkasi stvolchisi Gulmira Xudoyorova.
Ayni vaqtda “Muruntov” shaxtasida 320 nafardan ortiq turli millat vakillari mehnat qiladi. Ularning 60 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ishchi-xodimlarning birdamligi, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashganligi bois bugun jamoa topshirilgan har qanday vazifani vaqtida bajarib kelmoqda.

– Har bir ishda jamoa ahil bo‘lsagina samara bo‘ladi, deb o‘ylayman, – deydi “Muruntov” shaxtasi shaxta ichi ichki transporti uchastkasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod To‘rayev. – Ishchilarimiz bir-birini tushunadi, hurmat qiladi, o‘z o‘rnida vazifalarini ham yaxshi biladi. Jamoamizda uzoq yillardan buyon birga ishlab kelayotgan shaxtyorlar ko‘p. Inobat opa O‘rolova ham tajribali ishchilarimizdan biri. Samimiy, mehr-oqibatli, xushmuomalalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lgan opani jamoamiz birdek yaxshi ko‘radi, hurmat qiladi.
Bugun Inobat opa O‘rolova jamoada ustoz hisoblanadi. Sohaga kirib kelayotgan yoshlarga o‘z kasbining sir-asrorlarini erinmasdan o‘rgatadi.
Mana o‘ttiz yildirki, opa turmush o‘rtog‘i Abduqodir Xoliqulov bilan tinch-totuvlikda yashab, uch qiz, bir o‘g‘ilni kamolga yetkazdi. Ularni tarbiyalab, oliy ma’lumotli qildi. Bugun ular ham kombinat sohasida mehnat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri