“Mash’al” ishsizlikdan xoli mahalla
Farg‘ona viloyatida mahalladagi hokim yordamchilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 400 mingdan ziyod fuqarolarning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi.
Xususan, Farg‘ona shahridagi “Mash’al” mahalla fuqarolar yig‘inida mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirish borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mahalla hududidagi ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida mikroorganik o‘simliklarni yetishtirish kooperatsiyasi tashkil etildi. Tadbirkor Tohirjon Abdusamatov tashabbusi bilan 2002 yilda ish boshlagan ushbu kooperatsiyaga joriy yil fevral oyida viloyat hokimining ilk tashrifidan hududdagi ko‘p qavatli uylar so‘ng ushbu tadbirkorlik sub’ektiga yerto‘lalardan samarali foydalanish orqali aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan loyihani amalga oshirish uchun boshqaruv servis kompaniyasi shaklida biriktirib berilgandi.
Hozirda 25 nafar mahallada yashovchilar, shu jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar serdaromad ish bilan ta’minlangan. Kompaniya hozirda “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida yangi ish o‘rinlarini yaratish ustida ish olib bormoqda.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan Hakimaxon To‘xtaboyevaga o‘tgan yili monomarkazda kasbga o‘qitilib, subsidiya asosida tikuv mashinasi berilgan. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha unga 33 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgani natijasida mahallada yashovchi 20 nafardan ziyod ayollarga ish o‘rni yaratilgan tikuvchilik sexi tashkil etildi.
3-sektor hududiga kiruvchi mahallada joriy yil boshida 170 nafar ishsiz fuqarolar bo‘lgan. Mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Arofatxon Maqsudovaning sa’y-harakatlari bilan ularning 22 nafariga imtiyozli kredit ajratilib, oilaviy korxona va yakka turdagi tadbirkorlik ochishga ko‘maklashildi. 8 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari ajratildi, 25 nafari mikroorganik o‘simliklarni yetishtirish kooperatsiyasida, 20 nafari tikuvchilik sexida ish boshladi. Mahallada tashkil etilgan “Go‘zallik saloni”da yana 10 nafar xotin-qizlar ishli bo‘ldi. Qolgan ishsizlar shahar hududidagi tashkilot va korxonalarga ishga joylashtirilib, mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylandi.

Yoshlar ishlari agentligi shahar bo‘limi tashabbusi bilan mahalladagi ko‘p kvartirali uylar oralig‘idagi bo‘sh turgan 1 gektar yer maydonida “Yoshlar eko bog‘i” tashkil etildi. 1000 tup mevali va manzarali daraxtlar hamda 1000 tup mavsumiy va ko‘p yillik gul ko‘chatlari ekildi. Yoshlarning yana bir tashabbusi bilan mahalla yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishlarini ta’minlash maqsadida Workout hamda bolalar maydonchalari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, bu yerda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi mahalla binosi ham barpo etildi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri