Markaziy Osiyo yangi bosqichda: O‘zbekiston tashabbuslari mintaqa kelajagini o‘zgartirmoqda
31-iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari norasmiy Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Geosiyosiy raqobat kuchayib, dunyo iqtisodiyoti yangi sinovlarga duch kelayotgan bir sharoitda mazkur muloqot nafaqat siyosiy ahamiyat kasb etdi, balki butun mintaqa kelajagini belgilaydigan strategik voqeaga aylandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, iqtisodiy hamkorlik va umumiy taraqqiyot tamoyilini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida e’tibor tortdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bir vaqtlar parokanda harakat qilgan mintaqa davlatlari bugun umumiy maqsadlar yo‘lida birlashmoqda. So‘nggi yillarda shakllangan yaxshi qo‘shnichilik siyosati allaqachon samara bera boshladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, TDSHU mustaqil izlanuvchisi Bobirjon Izzatullayev tahliliga ko‘ra, yig‘inning eng muhim jihatlaridan biri Ozarbayjonning mazkur muloqotga qo‘shilishidir. Bu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hamkorligini yangi bosqichga olib chiqib, transport, savdo va sarmoya sohalarida keng imkoniyat ochmoqda. Shuningdek, Afg‘onistonni ham umumiy taraqqiyot jarayoniga jalb etish g‘oyasi mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti sifatida ilgari surildi.
Mamlakatimiz yetakchisi mintaqa hamkorligini mustahkam institutlar asosida rivojlantirish zarurligini ham qayd etdi. Tarmoq idoralari hamkorligini kengaytirish, hududlar aro aloqani kuchaytirish va uzoq muddatli qo‘shma dasturlar amalga oshirish bo‘yicha bildirilgan takliflar integratsiya jarayonini tizimli bosqichga olib chiqadi. Davlatlar aro tashkilotlar hamda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida muvofiqlashtirishni kuchaytirish taklifi ham mintaqa manfaatini xalqaro maydonda yanada samarali ilgari surishga qaratilgan.
Iqtisodiy hamkorlik tashabbuslarning asosiy ustuni bo‘lib qolmoqda. Savdo hajmini oshirish, transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, sarmoyaviy maydonlar shakllantirish va raqamli xizmatni keng joriy etishga oid takliflar mintaqa iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishi kutilyapti.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv resurslari va energetika xavfsizligi dolzarb masalalarga aylangan. Shu bois Prezident ekologik muammolarni bir davlat doirasida hal etib bo‘lmasligini ta’kidlab, bunday masalalarni faqat umumiy yondashuv va muvofiqlashtirilgan sa’y-harakat orqali samarali hal etish mumkinligini qayd etdi.
Uchrashuvda ilm-fan va innovatsiya ham kelajak taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoni sun’iy intellekt, hadsiz ma’lumot, zamonaviy ta’lim va yuqori texnologiya markaziga aylantirish uchun umumiy infratuzilma va kadrlar salohiyatini birlashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu tashabbus mintaqa davlatlarining global texnologiya raqobatida munosib o‘rin egallashi uchun muhim poydevor vazifasini o‘taydi.
Markaziy Osiyo bugun nafaqat geografik, balki strategik jihatdan ham yagona makon sifatida shakllanmoqda. Cho‘lponotada ilgari surilgan tashabbuslar mintaqa davlatlarini umumiy manfaat atrofida birlashtirish, barqaror taraqqiyotni ta’minlash va xalqaro maydondagi umumiy nufuzni mustahkamlashga xizmat qiladi. Xususan, O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va uzoqni ko‘zlagan tashqi siyosati aniq natijalar berayotganini yana bir bor namoyon etadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA