Markaziy Osiyo – Xitoy: xavfsizlik yo‘lidagi hamkorlik yanada rivojlanadi
Pekin shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlarining ichki ishlar vazirlari hamda Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi rahbariyati, O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpo‘latov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo – Xitoy munosabatlarining mantiqiy davomi bo‘lib, davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam o‘tkazilayotgan uchrashuvlar va ochiq siyosiy muloqot o‘zaro ishonchni mustahkamlab, strategik sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitmoqda. Bu jarayon iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport va gumanitar sohalar bilan bir qatorda huquq-tartibot va xavfsizlik yo‘nalishini ham qamrab olgan.

Bugun xavfsizlikka tahdidlar transchegaraviy tus olganligi sababli terrorizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, odam savdosi va kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish davlatlar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi va muvofiqlashgan harakatlarni talab etadi.
Ayniqsa, kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar yangi yondashuvlarni taqozo qilmoqda. Jinoyat tashkilotchisi, ijrochisi va jabrlanuvchisi turli mamlakatlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan sharoitda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Pekindagi muloqotda ana shu masalalar yuzasidan tajriba almashish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida delegatsiyalar Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun tashkil etilgan o‘quv bazasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv muassasasi xodimlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, ilg‘or tajribani o‘rganish va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, transmilliy jinoyatchilik, kiberjinoyatlar va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda turli davlatlar mutaxassislarining tajriba almashishi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘quv jarayonlarini yagona hamkorlik maydonida tashkil etish turli mamlakatlar mutaxassislari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajriba almashish, amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish va sohadagi ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirish imkonini beradi. Eng muhimi, bunday hamkorlik xavfsizlikni ta’minlashda umumiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv doirasida Xitoy Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latovga ikki tomonlama munosabatlar va idoralararo hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ramzi sifatida «Buyuk devor» esdalik nishonini tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir yakunida Xitoyning jamoat xavfsizligini ta’minlash, raqamli texnologiyalarni huquqni muhofaza qilish tizimiga joriy etish borasidagi tajribasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim ahamiyatga egaligi, o‘zaro tajriba almashinuvi esa jinoyatchilikning yangi shakllariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA