Markaziy Osiyo global zanjirning muhim xalqasiga aylanmoqda
Bugun Markaziy Osiyo geosiyosiy maydonda yopiq emas, balki logistika, energetika va tranzit bog‘lanish kesishgan nuqta sifatida tilga olinmoqda. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi. Bunga sabab nima? Siyosat o‘zgardimi yoki geografiyaning ahamiyati? Mintaqa haqiqatan bufer zonadan xabga aylanyaptimi? Quyida mazkur savollarga javob izlaymiz.
Markaziy Osiyoning joylashuvida yaqin orada hech qanday o‘zgarish kuzatilgani yo‘q. Xitoy, Rossiya, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi quruqlik ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Mintaqaviy siyosiy muhit va tashqi bozor bilan integratsiya darajasi sezilarli darajada o‘zgardi.2016-yildan keyin mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashdi. 2023-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ilk C5+ uchrashuvi o‘tkazildi. Bu format mintaqani yagona siyosiy sub’ekt sifatida namoyon qilishga qaratilgan dastlabki qadam sifatida baholandi. Shu bilan birga 2023-yil iyunda YeI va Markaziy Osiyo aloqani chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Demak, bugungi kunda mintaqamiz faqat tranzit va xom ashyo manbai emas, balki strategik bog‘lanish hududi sifatida ham ko‘rilyapti.
Bufer zonadan tranzit yo‘lakka aylanish
Rossiya va Ukraina nizosi hamda Moskvaga qarshi sanksiya tufayli Yevropa – Osiyo savdo yo‘llari qayta konfiguratsiya qilinmoqda. Shu asnoda O‘rta yo‘lak, ya’ni Xitoydan Markaziy Osiyo va Kavkaz orqali Turkiya va Yevropa mamlakatlariga olib boradigan yo‘nalishning ahamiyati keskin ortdi. 2023-yil O‘rta yo‘lak orqali tashilgan yuk miqdori 2,7 million tonnadan oshdi. 2030-yilga borib “O‘rta yo‘lak”dan yiliga 10-11 million tonnagacha mahsulot o‘tishi kutilyapti. Bu raqamlar geografiya emas, infratuzilma va siyosiy kelishuv hal qiluvchi omilga aylanganini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo neft va gaz zaxirasi avvaldan jozibador. Hozir yashil energetika va muhim xom ashyoga qiziqish yanada ortgan. 2024-yil O‘zbekiston va Qozog‘iston YeI bilan muhim xom ashyo materiallari ta’minoti hamda barqaror qiymat zanjirini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan. Ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston dunyoda ishlab chiqariladigan uranning qariyb 40 foizini ishlab chiqaradi. Bu Yevropaning energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston esa 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Shu nuqtai nazardan mintaqa nafaqat resurs yetkazib bermoqda, balki energetik transformatsiya hududiga ham aylanyapti.
Xitoy, Rossiya, G‘arb: raqobatmi yoki diversifikatsiya?
So‘nggi ikki yil Markaziy Osiyo atrofida geosiyosiy faollik keskin kuchaydi. 2023-yil may oyida Sian shahrida o‘tkazilgan birinchi “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti ayni jarayonning yangi bosqichini boshlab berdi. Anjumanda Xitoy Raisi Si Szinpin mintaqa davlatlariga 26 milliard yuan ajratilishini ma’lum qildi. Bu mablag‘ infratuzilma, savdo, energetika va sanoat kooperatsiyasiga yo‘naltiriladi.
Oradan to‘rt oy o‘tib, 2023-yil sentabrda Nyu-York shahrida “Markaziy Osiyo – AQSH” C5+1 sammiti o‘tkazildi. AQSH Prezidenti ishtirok etgan mazkur uchrashuvda investitsiya, xavfsizlik va muhim minerallar ta’minot zanjiri bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Shu tariqa mintaqada faqat bir qutb emas, bir necha iqtisodiy markaz faollashdi.
Ayni payt YeI ham mintaqaga strategik yondashuvni kuchaytirmoqda. 2024-yil tuzilma “Global Gateway” tashabbusi doirasida Markaziy Osiyo transport yo‘laklariga milliardlab yevro investitsiya kiritish rejasini e’lon qildi. (https://www.eeas.europa.eu/delegations/kazakhstan/global-gateway_en)
Bu harakat ayniqsa Transkaspiy yoki O‘rta yo‘lak, deb ataluvchi yo‘nalishni rivojlantirishga qaratilgan.
Shu o‘rinda “raqobat” haqida gapirish osondek, biroq amaldagi manzara boshqacha. Markaziy Osiyo davlatlari bir tomonga bog‘lanib qolmasdan, tashqi sheriklarni diversifikatsiya qilish yo‘lini tanladi. Bu – ko‘p vektorli diplomatiya. Ya’ni, mintaqa davlatlari bir vaqtning o‘zida Xitoy bilan infratuzilma va savdo, AQSH bilan investitsiya va texnologiya, Yevropa bilan logistika va yashil energetika bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Xabga aylanish qaytarilmasmi?
Markaziy Osiyo xab, ya’ni global bog‘lanish markaziga aylanyaptimi, degan savolga javob berish uchun dastlab omillarga nazar tashlash kerak. Birinchidan, mintaqaviy siyosiy yaqinlashuv kuchaydi. Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam tus olgan Maslahat uchrashuvlari ichki muvofiqlikni kuchaytirdi.
Ikkinchidan, global ta’minot zanjirini diversifikatsiya qilishga ehtiyoj ortdi. Rossiya – Ukraina mojarosi va Qizil dengizdagi xavfsizlik muammosi tufayli Yevropa – Osiyo savdo yo‘nalishlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Shu sharoitda O‘rta yo‘lakning ahamiyati ortdi.
Uchinchidan, energetika va muhim xom ashyoga talab o‘smoqda. AQSH va Yevropa Markaziy Osiyoni litiy, uran va boshqa strategik resurslar manbai sifatida ko‘ra boshladi. Masalan, 2024-2025-yillari AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida muhim xom ashyo sohasida hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlar imzolandi.
Shu bilan birga jarayonni mutlaq ortga qaytmas, deya baholashga hozircha erta. Mintaqada infratuzilmani yanada takomillashtirish zarur. Kaspiy portlarining quvvati cheklangan, ayrim temir yo‘l tarmoqlarida texnik tafovut bor, logistika xarajat hamon yuqori.
Agar zarur sarmoya vaqtida kiritilsa hamda barqaror hamkorlik muhiti saqlansa, yo‘nalish yanada mustahkamlanadi. Aks holda sur’at sekinlashishi mumkin. Ya’ni jarayon boshlangan bo‘lsa-da, barqarorlik doimiy e’tibor va amaliy qadamlarni taqozo qiladi.
Eng muhim jihat shundaki, mintaqa ilk bor faqat tashqi kuchlar ta’sir ob’ekti emas, balki manyovr imkoniga ega sub’ekt sifatida harakat qilmoqda. Xitoy, AQSH, Yevropa bilan uyg‘un muloqot yuritish raqobat maydoni o‘rtasida qolish emas, balki imkoniyatlardan foydalanish strategiyasidir.
Xullas, xabga aylanish jarayoni boshlangan. Barqarorlik va muvaffaqiyat esa infratuzilma sarmoyasi, siyosiy iroda va tashqi bozor kengayishi sur’atiga bog‘liq bo‘ladi.
Dilshod Hakimov, O‘zA