Markaziy bank mobil ilovalar xavfsizligi talablarini kuchaytirdi
Bugungi kunda bank xizmatlarining raqamlashuvi aholi uchun qulaylik yaratayotgani barobarida, kiberfiribgarlik xavfini ham oshirmoqda. Shu bois masofadan moliyaviy xizmat ko‘rsatishda foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari va mablag‘larini himoya qilish talablari yanada kuchaytirilmoqda.
Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 3-avgustdagi qarori bilan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmat ko‘rsatishda axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik va firibgarlikning oldini olishga qaratilgan talablarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjat Adliya vazirligida 14-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, 2026-yil 16-noyabrdan kuchga kiradi.
Yangi talablarga ko‘ra, mobil ilovaga ro‘yxatdan o‘tishda foydalanuvchining JSHSHIRi uning telefon raqami egasining JSHSHIRiga mosligi tekshiriladi. Agar ma’lumotlar mos kelmasa, foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki bank kartasini mobil ilovaga biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda foydalanuvchiga SMS-xabar orqali ma’lum qilinadi. Bunda yaqin qarindoshiga rasmiylashtirilgan telefon raqamidan foydalanish holatlari istisno qilinadi. Qarindoshlik munosabati tasdiqlangan taqdirda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati saqlanadi. Mobil ilovada yangi foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazishda masofaviy biometrik identifikatsiyadan o‘tish talabi ham belgilandi. Shuningdek, mavjud akkaunt parolini tiklash yoki unga boshqa qurilmadan kirish ham biometrik identifikatsiya orqali amalga oshiriladi.
E’tiborli jihati shundaki, bunday holatda akkauntga biriktirilgan barcha bank kartalari avtomatik ravishda nofaol holatga o‘tkaziladi. Kartalarni qayta faollashtirish esa OTP-kod orqali tasdiqlanishi kerak. Bu mexanizm akkauntga begona shaxs kirib qolgan taqdirda mablag‘larni zudlik bilan boshqa hisoblarga o‘tkazib yuborish xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Yangi tartibda P2P — ya’ni kartadan kartaga pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham muhim o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Kredit va to‘lov tashkilotlari tasdiqlash talab etilmaydigan P2P o‘tkazmalar uchun maksimal limit belgilashi shart. Belgilangan miqdordan yuqori operatsiyalar esa majburiy tarzda OTP-kod yoki muqobil autentifikatsiya usuli orqali tasdiqlanadi. Shu bilan birga, veb-saytlar orqali P2P o‘tkazmalarni amalga oshirishga to‘liq taqiq joriy etiladi. Yana bir muhim jihat — tasdiqlash talab etilmaydigan o‘tkazmalar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari bo‘yicha mas’uliyat moliyaviy tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi. Bu bank va to‘lov tashkilotlarini xavflarni yanada puxta baholashga undaydi.
Yangi talablarga ko‘ra, mobil ilova orqali foydalanuvchi asosan o‘ziga tegishli bank hisobvarag‘i va bank kartasini biriktirishi hamda P2P operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin. Yaqin qarindoshlar bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno etiladi. Bu talab, avvalo, bank kartalaridan nomiga rasmiylashtirilgan shaxsdan boshqa odamlar foydalanishi, shuningdek, firibgarlik sxemalarida «vositachi» kartalardan foydalanish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bank va to‘lov tashkilotlari mobil ilova orqali amalga oshiriladigan har bir moliyaviy operatsiyadan oldin foydalanuvchiga ogohlantirish xabarini ko‘rsatishi shart. Ushbu xabar mijozga operatsiyani aynan o‘zi amalga oshirayotganini va firibgarlar aralashuvi mavjud emasligini yana bir bor tekshirish imkonini beradi. Agar foydalanuvchining qurilmasida zararli dastur aniqlansa yoki smartfon masofadan boshqarilayotgani belgilari mavjud bo‘lsa, tashkilot bu haqda PUSH va SMS-xabar orqali zudlik bilan ogohlantirishi kerak.
Mobil ilovalarda bank kartasi egasining ism-familiyasi, shuningdek pul o‘tkazmalarida ishtirok etuvchi karta egalarining shaxsiy ma’lumotlari qisman yashirilgan holda aks ettiriladi. Bu, o‘z navbatida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va ulardan firibgarlik maqsadlarida foydalanish xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Yangi talablarni bank xizmatlarining oddiy texnik yangilanishi sifatida baholab bo‘lmaydi. Ularning asosiy maqsadi — raqamli bank xizmatlaridan foydalanishda «qulaylik va xavfsizlik» o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash. Ayniqsa, biometrik identifikatsiya, qurilmani almashtirganda kartalarni avtomatik bloklash, P2P operatsiyalarini cheklash va zararli dasturlar aniqlanganda ogohlantirish mexanizmlari fuqarolar mablag‘larini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Avvaldan amal qilayotgan 3759-sonli Nizomda ham onlayn kreditlar bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga qarshi qator kafolatlar belgilangan. Xususan, shaxs firibgarlik natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgani bo‘yicha jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, kredit tashkiloti kredit va unga hisoblangan foizlarni undirishni to‘xtatadi.
Umuman, yangi talablar O‘zbekistonda raqamli moliyaviy xizmatlar bozori rivojlanishi bilan birga kiberxavfsizlik va iste’molchilarni moliyaviy firibgarlikdan himoya qilish mexanizmlari ham kuchaytirilayotganini ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA