Ma’rifatparvar jadid — Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li (+video)
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida ma’rifatparvar jadidlardan biri, siyosat jamoat arbobi — Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li haqida ma’lumot beriladi.
Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja nafaqat siyosiy, balki jamoat arbobi sifatida ham taniqli shaxs hisoblanadi. Andijon farzandi bo‘lgan Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li 1899-yilda o‘sha Andijonda tavallud topgan. Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘lining faoliyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u dastlab o‘sha besh yoshidan boshlab o‘sha maktab ta’limini oladi, keyinchalik esa o‘sha davrdagi Turkistonda oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan madrasa ta’limini oladi. Keyingi faoliyati jarayonida u o‘sha davrning rus tuzum maktabi bo‘lgan maktablarda ta’lim olish orqali rus tilini ham o‘rganadi. Keyinchalik esa erkaklar gimnaziyasida ta’lim olgan holatda ko‘p bilimini oshirganligini ko‘rishimiz mumkin. Natijada Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li nafaqat o‘sha turkiy tillarni, balki fors, arab hamda rus tillarini yaxshi egallagan.
Uning jadidchilik harakatiga kirib kelishi esa, 1910-yillardan keyingi, ayniqsa 1914-yillardan keyin yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi. U Andijonda tashkil etilgan "Turkistanskiy golos" gazetasida 1916–1917-yillarda faoliyat olib borganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu bilan aytish kerakki, Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li o‘sha davrda rus tilini yaxshi bilgan, qolaversa, o‘sha davrning yirik jadid namoyandalari bo‘lgan Ubaydullo Asadullaxo‘jayev yoki Vadim Chaykinlar bilan yaxshi aloqada bo‘lgan va ularning jadidchilikka oid targ‘ibot-tashviqot ishlarini, jadidlarning, ayniqsa Farg‘ona vodiysi jadidlarining maqsad va maslaklarini yaxshi tushungan holatda o‘zining faoliyatini olib borgan.
Keyingi faoliyati jarayonida, ta’lim olib qaytgandan keyin, Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja O‘zbekistonda kommunistik partiyaning bir qator lavozimlarida faoliyat olib borganligini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birgalikda 1924-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li nafaqat o‘sha davrda Turkistonda nashr etilgan "Qizil bayroq", "Turkiston" va bir qator gazeta-jurnallarga muharrirlik ham qiladi. U o‘z navbatida shu davrda Turkiston SSSR hukumati bilan birgalikda Buxoro hamda Xorazm jumhuriyatlaridagi davlatchilik faoliyatida ham ishtirok etgan. Sovet hukumati uning ilmidan foydalanish maqsadida uni Xorazm va Buxoro jumhuriyatlaridagi siyosiy byuro a’zoligiga yuboradi va 1924-yilgacha ana shu hukumatlarda ham o‘z faoliyatini olib borganligini ko‘rishimiz mumkin.
Biroq garchand sovet hukumati davlat boshqaruvidagi ma’lum bir lavozimlarda ishlagan bo‘lsa-da, o‘sha davrdagi jadid namoyandalari olib borgan milliy faoliyatda, hukumatda turib millat manfaatlari uchun kurashishi bilan jadidlar orasida o‘z obro‘sini yo‘qotmagan va ularga ko‘plab xizmatlari singanligini ko‘rishimiz mumkin. 1924-yilda bilamizki, oktabrdan keyin sovet hukumati Turkistonni parchalash ishlarini amalga oshiradi va ularni milliy hududiy chegaralanish orqali bir qancha respublikalarga bo‘lib yuborishadi. Shu jarayonda Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li ham ana shu milliy-hududiy chegaralanish ishlarida ishtirok etgan.
1925-yildan boshlab toki 1930-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘lining hayoti va faoliyati bevosita sovet davlatining markazi bo‘lgan Moskvada kechadi va shu jarayonda u Qizil professorlar institutining falsafa bo‘limida ta’lim oladi. 1930-yildan keyingi faoliyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u dastlab Qorachoy avtonom sovet respublikasida kotib, keyinchalik esa Qozondagi temir yo‘l siyosiy bo‘limida partiya mudiri kabi lavozimlarda ishlaydi, toki 1937-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida. Biroq 30-yillardan keyin boshlangan qatag‘on siyosati jarayoni 1937-yilga kelib Usmonxo‘ja Eshonxo‘janing ham faoliyatiga raxna sola boshlaydi. Natijada 1937-yil 15-avgustda u Qozon ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan qo‘lga olinib, 1938-yilgacha tergov ostida bo‘ladi va jismoniy hamda ruhiy azoblarga qaramasdan, o‘ziga qo‘yilgan soxta ayblarni tan olishni xohlamaydi. Shunga qaramasdan, uchlik tomonidan unga qo‘yilgan bir qator majburiy ayblovlar asosida, 1938-yil 4-oktabrda Usmonxo‘ja Eshonxo‘ja o‘g‘li NKVD uchligi tomonidan chiqarilgan sud hukmiga ko‘ra o‘lim jazosiga hukm etiladi.
Batafsil: https://youtu.be/wQOgpOoYmKs?si=6R1W9-dA5qGuGigf
Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA