Marg‘ilonda “Atlas bayrami” davom etmoqda
Marg‘ilon shahri chinakam ma’noda xon atlas-u adraslarga, beqasam-u shoyi matolarga burkangan. Dunyoning yigirmadan ortiq davlatidan kelgan mehmonlar yal-yal yonayotgan milliy liboslarimizni egniga ilgan.
Yeru ko‘k ham atlas rangida tip-tiniq, yorug‘ orzular bilan xalqaro festivalga mezbonlik qilayotgan ko‘hna va navqiron shaharni olqishlayotgandek.
“Atlas bayrami” V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali milliy qadriyatlarimizga, hunarmandchiligimizga yuksak e’tibor ifodasi bo‘lmoqda.
Hunarmandlik barcha xalqlarga xos bo‘lgan madaniy meros hisoblanadi. Har bir ustaning buyum va mahsulotlari qalb qo‘ri va qo‘l mehnati bilan yaraladi. Farg‘ona viloyatida hunarmandlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha besh mingga yaqin ustaxona faoliyat yuritmoqda. O‘ttiz mingdan ortiq kishi esa hunarmandchilik bilan shug‘ullanmoqda. Marg‘ilon hunarmandligi o‘ziga xos tarixi, uslub va an’analariga ega bo‘lib, bugun ham yangi an’analar asosida rivojlanmoqda.
– Biz to‘yga to‘yona qilib, atlaslarimizning eski nusxalarini tikladik. “Xosiyatxon”, “Gulnamozshom” nusxalari bozorlarimizga qaytdi, – deydi Marg‘ilondagi “Hunarmandlar markazi” rahbari Ibrohim Sultonov. – Bugun Jahon hunarmandlari shahrining hunarmandi ekanligimdan faxrlanib ketdim. Bu nom shahrimizga o‘z ismidek juda yarashdi.
Festival o‘yin-kulgilarga, yorqin taassurotlarga boy bo‘lmoqda. Xorijlik mohir dizaynerlar, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar, ellikdan ortiq respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari Erkin Vohidov nomidagi “Ijodkorlar bog‘i”da o‘tkazilgan xalq sayillari, kurash musobaqalari, dorbozlik, qo‘g‘irchoqbozlik tomoshalari, hunarmandchilik buyumlari namoyishlarida ishtirok etmoqda.
– Festival madaniyatlar almashinuvida katta ahamiyat kasb etmoqda, – deydi braziliyalik Fabiana Bezerra. – Menga Marg‘ilon juda yoqdi. 2019 yilda Qo‘qonda va Buxoroda bo‘lganman. Bu O‘zbekistonga qo‘ygan uchinchi qadamim. Marg‘ilonni “atlas kiygan go‘zal shahar” deb eslab yursam kerak. Menga hamma narsa juda yoqmoqda, bir vaqtning o‘zida ham tarixning, ham bugungi zamonning havosidan nafas olayotgandekman.
Festival tadbirlari “Yodgorlik” korxonasi, “Hunarmandlar markazi”da davom etdi. An’anaviy mato to‘qimachiligi bo‘yicha mahorat darslari, mahalliy va xorijiy dizaynerlarning liboslar namoyishlari, to‘quvchi ustalar tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar, ko‘rgazma va ilmiy-amaliy anjumanlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
–Bu yerda dunyo ahlini hunarmandchilik degan yuksak san’at jamlab turibdi, – deydi qirg‘izistonlik Aygul Jumaboyeva. – Biz uchun mahorat darslari ayni muddao bo‘ldi. “Yodgorlik” korxonasida an’anaviy mato to‘qimachiligi bo‘yicha o‘tilgan mahorat darslarida bilim va tajribamizni oshirdik. Mahoratli trenerlar o‘tilgan mashg‘ulotlarda tabiiy ranglardan foydalanish mahsulot sifatiga ta’sir qiladigan omil ekanligi haqida ta’kidlashdi.
“Atlas bayrami” V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali 22 oktyabrgacha davom etib, festival doirasida “Buyuk ipak yo‘li vorislari» ko‘rgazmasining ochilish marosimi, Yevropa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan tashrif buyurgan dizaynerlarning liboslar namoyishi, Oltiariq uzumi, Quva anori, qovun sayli va osh tayyorlash musobaqalari va an’anaviy to‘qimachilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilmoqda.
[gallery-9229]
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA