Mardlik va shijoat sinovi
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi."Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni yurtga sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, o‘quvchi-yoshlarni harbiy xizmat va oliy harbiy bilim yurtlariga tayyorlash maqsadida o‘tkazilayotgan harbiy-sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari jamoalari g‘oliblik uchun bahslashdi.
Musobaqa ochilishida mamlakatimizda mustaqillik yillarida harbiy xizmat tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotgani ta’kidlandi. Vatan himoyachisi degan nomga muyassar bo‘lish har bir yigit uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki yuksak shon-sharaf ishiga aylandi. Bilimli, mustaqil fikrlaydigan, dunyoqarashi keng, eng sara o‘g‘lonlar milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgani hayotimiz osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolatdir.
Bo‘lajak Vatan himoyachilarining "Shunqorlar" harbiy-sport musobaqasi ham ana shunday mard, jasur, shijoatli, sog‘lom va bilimdon yoshlarning bellashuv maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Musobaqada ishtirokchilar harbiy-sport va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik yo‘nalishlaridagi turli shartlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Toshkent soliq kolleji jamoasi birinchi, Yashnobod politexnika kasb-hunar kolleji jamoasi ikkinchi, Sergeli politexnika kasb-hunar kolleji jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.