Mard o‘g‘lonlar yodi mangu barhayot
Kasbiga va o‘z burchiga bo‘lgan sadoqati bilan xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Ikram Matekeyev oqqo‘ngil va matonatli inson, mas’uliyatli, halol xodim edi.
Umrining so‘nggi daqiqalarigacha Ona Vataniga, bojxonachi qasamyodiga sodiq qolib, o‘z xalqiga mardonavor xizmat qilgan Ikram Vatanimiz sarhadlarida sergak turib, davlatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, kontrabanda tovarlarining olib o‘tilishi va bojxona qonun buzilishlariga qarshi kurashishda munosib hissa qo‘shdi. Yuzlab avtotransport vositalarini bojxona kuzatuviga olib, ularga ortilgan tovarlarning xavfsiz harakatini ta’minladi, o‘z kasbiy burchini astoydil bajardi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan bojxonachi Ikram Matekeyev xonadoniga borilib, onasi, farzandlari va yaqinlari holidan xabar olindi. Marhum bojxonachi ruhiga Qur’on tilovat qilinib, ezgu amallari yodga olindi.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining joriy yil 13 martdagi “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bilan xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilmoqda.
Marhum bojxonachining oila a’zolari uchun yaratilayotgan imtiyozlar tushuntirilib, ulardan foydalanish tartibi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Ushbu xonadon “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan otaliqqa olingan bo‘lib, kelgusida oila a’zolarining qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan imtiyoz va kafolatlardan to‘laqonli foydalanishi bo‘yicha o‘z vakolati doirasida amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA