Mard o‘g‘lonlar yodi mangu barhayot
Buxoroda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Buxoro shahridagi Xotira maydonida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasi yod etildi. Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yildi.
Unda keng jamoatchilik vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, davlat va nodavlat tashkilotlari mas’ullari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Ikkinchi jahon urushida Buxoro viloyatidan 73 ming 688 kishi fashizmga qarshi kurashgan. Janggohlarda 30 ming nafar buxoroliklar qolib ketgan. Urushdan qaytganlarning 5 ming nafaridan ortig‘i jangovar orden va medallar bilan mukofotlandi. Bu qadimiy yurt farzandlaridan 13 kishi urush Qahramoni, bir kishi esa uchala darajali “Shuhrat” ordenining to‘la kavaleri unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ayni kunda viloyatda Ikkinchi jahon urushida qatnashganlarning 15 nafari hayot.
G‘ijduvon tumani "Mirakon" mahalla fuqarolar yig‘ini Mirakon qishlog‘ida umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Bahron ota Eshov bu yil 98 bahorni qarshi oldi. Bahron ota osoyishta kunlarga yetganidan, davlatimizning e’tiboridan mamnun ekanligini ta’kidladi.
–Hech qachon urush bo‘lmasin. Yurtimizning tinchligiga ko‘z tegmasin. Xalqimiz baxtiga Prezidentimiz omon bo‘lsin, – deydi otaxon duoga qo‘l ochib.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
[gallery-7007]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA