Mard oʻgʻlonlar jasorati hech ham unutilmaydi
Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulugʻ. Oʻtganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir.
Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulugʻ. Oʻtganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni respublikamizda 1999-yildan boshlabumumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Ushbu bayram Oʻzbekistonimizning erkinligi, mustaqilligi uchun kurashgan, xalqining tinchligi yoʻlida halok boʻlgan insonlar xotirlash hamda hayot boʻlganlarini qadrlashga bagʻishlanganligi bilan chuqur maʼnoga ega.
II jahon urushida 67 mingdan ziyod Xorazmlik qatnashgan. Ulardan 28 ming 267 nafari ona yurtga qaytdi. 31 ming 445 nafar jasur yigitlari halok boʻlgan. 7312 nafari bedarak yuqolgan. 13211 nafar yigitlar esa nogiron boʻlib qaytdi.
Jang maydonlarida koʻrsatgan jasoratlari uchun orden va medallar bilan 2 ming 963 nafar urush qatnashchilari mukofotlangan. Shulardan 32 nafar “Slavo” ordeni bilan, 3 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Aslini olganda urush davrida yurtimiz ahlining koʻrsatgan umuminsoniy jasorati hamda saxovati cheksiz va bebahodir. Tariximiz koʻrgan zafarlar ichida Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning ahamiyati bu urushga qoʻshgan hissamizdek cheksiz va bebahodir, nazarimizda. Ammo biz uchun bu urush va gʻalaba tinchlikning, mehnatning ulkan neʼmat ekanini anglatgan unutilmas saboqdir.
Oʻtganlarning nomlarini yod etish, xotirasini hurmat bilan eslash, ularning ruhlarini shod qilish muqaddas odat sifatida qon-qonimizga singib ketgan.
Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi tashabbusi bilan, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qutqaruv otryadi Qidiruv-qutqaruv guruhi sardori lavozimida xizmat qilgan marhum Raximov Maqsud Egamberganovich, Xiva tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi 3-Yongʻin-qutqaruv qismi dispetcheri lavozimida xizmat qilgan marhum oddiy askar Masharipov Kamoliddin Vafoyevich, Urganch shahar Favqulodda vaziyatlar boʻlimi 2-Yongʻin-qutqaruv qismi yongʻin-qutqaruvchisi lavozimida xizmat qilgan marhum oddiy askar Yakubov Dilshod Ilyosovichlarning xonadonlarida boʻlib, ularning oila aʼzolari holidan xabar olindi. Bayram munosabati bilan moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlandi. Marhum xizmatchilarning oʻz kasbiga munosib yondashib, favqulodda vaziyatlarni, yongʻinlarni oldini olish va ularni bartaraf etishda koʻrsatgan jasorati alohida eʼtirof etildi.
Shuningdek, boshqarma xodimlari ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Urganch shahrida istiqomat qilayotgan Allabergan Xudayberganov va xonqalik Rajabboy Gʻayipov xonadonlarida boʻlib, bayram bilan qutladi. Otaxonlarning urush va undan keyingi davrda mardonavor harakatlari, yurt tinchligi va ravnaqi uchun amalga oshirgan ishlari, hayotiy kechinmalari barchada katta taassurot qoldirdi. Keksalar duosi olindi.
Xayrli ishlar davomida Xorazm viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan 87 yoshli shovotlik mehnat faxriysi Gulchehra Matyakubovaning holidan xabar olindi. Unga boshqarma boshligʻining tabriknomasi, sovgʻa — salomlari topshirildi.
–Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat, mashaqqat chekkanlar bor, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Shodlik Hasanov. – Oʻtganlarni xotirlash, safimizda yurganlarni esa doimo qadrlashimiz lozim. Shu bilan birgalikda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini eslab, ularning oila aʼzolarining holidan xabar olish ezgu amallardan sanaladi.
Albatta, yurtimiz ravnaqi, tinchligi yoʻlida xizmat qilgan marhumlarni yod etish burchimiz, shuningdek, hozirgi kunda ham oʻzining bilimlarini shogirdlariga oʻrgatayotgan ustozlarning ahvolidan xabar olish ham har bir kasb egasining farzidir.