Maqsadli indikatorlar ijrosi tahlil qilindi
Har bir vazirlik va idoralar zimmasiga byudjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari belgilab berilgan.
Jumladan, Milliy statistika qo‘mitasining 2025-yilda mamlakatda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar to‘g‘risida statistika axborotini tayyorlash uchun aniq yo‘naltirilgan topshiriqlar, statistika ishlarini bajarish maqsadida belgilangan maqsadli indikatorlarning ijrosi ta’minlangan. Yakuniy natija ko‘rsatkichi bo‘yicha statistik ishlarning yillik bajarilishi rejada indikator ijrosi 101,8 foizga bajarilgan.
Statistika sohasida normativ va metodologik asoslarni takomillashtirish rejada 203 ta o‘rnatilgan. Amalda 194 tani tashkil etib, indikator ijrosi 95,6 foizni tashkil etgan.
Soliq qo‘mitasi esa 2025-yilda soliq ma’murchiligini takomillashtirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish maqsadida belgilangan 5 ta yakuniy, 4 ta bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) natija ko‘rsatkichi bo‘yicha jami 9 ta maqsadli indikatorlar ijrosini ta’minlagan. Ajratilgan mablag‘ 92 foizga o‘zlashtirilgan.
Xususan, faol soliq to‘lovchi – yuridik shaxslarning umumiy soliq to‘lovchilardagi ulushi indikatori bo‘yicha reja 75 foiz etib belgilangan bo‘lsada, amalda bu ko‘rsatkich 66 foizga yetkazilgan. Ijro 88,0 foizni tashkil etgan.
Bular haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Milliy statistika hamda Soliq qo‘mitalarining “2025-yilda byudjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida”gi hisobotlari eshituvida aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda maqsadli indikatorlar ijrosi bo‘yicha qilinayotgan ishlar, ijrosi to‘liq yoki qisman bajarilgan maqsadli indikatorlarning ijrosiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar keng muhokama qilindi. Deputatlar maqsadli indikatorlarning ijrosini to‘liq bajarish zarurligini ta’kidlab, vazirlik va idoralarning bu boradagi choraklik hisobotlarini nazorat qilib borish lozimligini ta’kidladi.
M.Komilova,
O‘zA