Maqsadlar mushtarak, ammo yoʻllanma bitta
Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi anjumanlar zalida Tokio-2020 olimpiadasiga saralash bahslarining ikkinchi bosqich oʻyinlari oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi anjumanlar zalida Tokio-2020 olimpiadasiga saralash bahslarining ikkinchi bosqich oʻyinlari oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda Toshkentdagi saralash bahslarida ishtirok etadigan Oʻzbekiston, Vyetnam, Gonkong hamda Iordaniya ayollar olimpiya terma jamoalari bosh murabbiylari qatnashdi va boʻlajak oʻyinlar oldidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Bahrom Norsafarov (Oʻzbekiston ayollar olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi): “Mehmonlarga qarata, Oʻzbekistonga xush kelibsiz, deyman. Terma jamoamiz saralashning ilk bosqichida qatnashmadi. Shunga qaramay, hozirda yaxshi sport formasidamiz. Ikkita xalqaro musobaqada ishtirok etdik. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbariyati bizga barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Shunga yarasha biz ham sifatli futbol koʻrsatib, oldimizga qoʻyilgan vazifani uddalashga harakat qilamiz. Jamoa aʼzolarining barchasi sogʻ va oʻyinlarga tayyor. Raqiblarimiz haqida maʼlumotlarga egamiz, lekin hammasi maydonda hal boʻladi. Kim favorit ekanligini oʻyin koʻrsatadi. Barcha raqiblarga bir xil munosabatda boʻlamiz”.

Azzedin Chix (Iordaniya ayollar olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi): “Oʻzbekistonga tashrif buyurganimizdan xursandman. Musobaqa yuqori saviyada oʻtishi va barcha uchrashuvlar murosasiz kechishiga ishonaman. Fikrimcha, barcha terma jamoalarda imkoniyatlar teng. Guruhimizda yaqqol favoritni ajratib koʻrsata olmayman”.
Rikardo Xose Rembo (Gonkong ayollar olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi): “Olimpiada saralashining ikkinchi bosqichiga yoʻl olganimizdan xursandman. Oʻyinlar oson boʻlmasligi aniq. Bor imkoniyatlarimizni ishga solib, ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz. Biz Vyetnam va Iordaniya bilan avval ham uchrashganmiz. Shu sababli bu terma jamoalarning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Umuman olganda, guruhimizdagi barcha terma jamoalar kuchli. Vyetnamni alohida ajratib koʻrsatish mumkin, sababi ular FIFA reytingida guruhdagi boshqa terma jamoalardan yuqoriroqda joylashgan. Men Gonkongda 20 yildan beri yashayman. Bu mamlakat men uchun begona emas. Biz terma jamoa oʻyinini yaxshilash uchun katta hajmdagi ishni amalga oshirdik. Musobaqaga tayyormiz”.
May Dak Chung (Vyetnam ayollar olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi): “Toshkentda boʻlib turganimizdan xursandmiz. Ijobiy natija qayd etish uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishni bajaramiz. Nazarimda, ushbu bosqichda barcha terma jamoalarning imkoniyati teng. Hammada keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat bor. Kurash qizgʻin kechadi, deb oʻylayman”.

Taʼkidlash joiz, guruh bosqichidan faqat bitta jamoa hal qiluvchi uchinchi saralash bosqichiga yoʻllanma oladi.
Tokio-2020. Saralash oʻyinlari
3 aprel, soat 15:00
Vyetnam – Oʻzbekiston (“Lokomotiv” stadioni)
Iordaniya – Gonkong (TTYMI stadioni)
6 aprel, soat 15:00
Oʻzbekiston – Iordaniya (“Lokomotiv” stadioni)
Gonkong – Vyetnam (TTYMI stadioni)
9 aprel, soat 15:00
Vyetnam – Iordaniya (TTYMI stadioni)
Gonkong – Oʻzbekiston (“Lokomotiv” stadioni)