“Maqsadim jahon va olimpiada chempioni bo‘lish”
Keyingi yillarda mamlakatimizda sportga, ayniqsa, xotin-qizlar sporti rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hatto, chekka-chekka qishloqlarda ham yosh qizlarning sport bilan shug‘ullanishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu bois ham, yurtimiz yoshlari orasida chempionlar, turli xalqaro musobaqalar g‘oliblarining safi yildan-yilga ortib bormoqda. Ulardan biri Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston, Osiyo chempioni va rekordchisi, qator xalqaro turnirlar g‘olibasi Dilshoda Usmonovadir.
Dilshoda Usmonova 2005 yilda Jalaquduq tumanining Xo‘jatepa mahallasida tavallud topgan. Oiladagi to‘rt farzandning uchinchisi. U bolaligidanoq o‘zi tahsil olgan tumandagi 16-umumta’lim maktabida sport bilan shug‘ullandi.
2017 yilda Jalaquduq tumani 1-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi Nodirbek Yusufjonov 12 yoshlik qizaloqdagi intiluvchanlik, tirishqoqlikni ko‘rib, uni sport maktabiga taklif etdi, u bilan alohida mashg‘ulotlar o‘tkaza boshladi.
Shu tariqa Dilshoda birinchi murabbiyi Nodirbek Yusufjonov rahbarligida yengil atletikaning sir-asrorlarini puxta o‘rgandi. Tuman, viloyat, respublika miqyosidagi turli musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.
Dilshoda 6-sinfda o‘qiyotgan paytidayoq ilk medallarini qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda u 13 yoshli qizlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha Buxoroda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida 600 metrga yugurishda 2-o‘rinni, 1 kilometrga yugurishda 3-o‘rinni olgandi.
Oradan yillar o‘tdi. Hali maktab o‘quvchisi bo‘lsa-da, respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘plab musobaqalarda g‘olib chiqdi, O‘zbekiston chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi, ko‘ksini juda ko‘p medallar bezadi.
Darhaqiqat, doimiy ravishda mahoratini oshirib borgan, qolaversa, mehnatsevarligi, tirishqoqligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchning kuchliligi tufayli Dilshoda yuksak marralarni zabt etib, oddiy bir qishloq qizi nimalarga qodir ekanligini amalda ko‘rsata oldi.
– Ayniqsa, 2022 yil Dilshoda uchun juda muvaffaqiyatli kelgan, – deydi ustozi Nodirbek Yusufjonov. – U Kuvayt davlatida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Qolaversa, 200 metrga to‘siqlar osha yugurish bahsida ko‘p yillardan buyon yangilanmagan Osiyo rekordini yangiladi. Bunday yuqori natijaga erishish albatta, oson kechmadi.
Dilshoda Usmonova erishgan yutuqlari tufayli 2023 yilda Andijon davlat pedagogika institutining jismoniy madaniyat fakultetiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilindi.
– Qizimning har bir yutug‘idan quvonaman, ayniqsa, imtiyozli ravishda institut talabasi bo‘lganligidan juda xursand bo‘lgandim, – deydi uning onasi Mahmudaxon Tojiboyeva. – Yurtboshimiz qizim kabi minglab yoshlarni o‘z farzandim deb, qo‘llab-quvvatlayotganidan, ularga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilayotganidan quvonmay bo‘ladimi? Yaratib berilgan shart-sharoitlar, keng imkoniyatlar tufayli qizim, qolaversa, u kabi ko‘p yoshlar yuksak natijalarga erishmoqda. Buning uchun davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdorman.
Hozirda Dilshoda Usmonova joriy yil may oyida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati hamda yozda Germaniyada o‘tkaziladigan Butunjahon talabalar universiadasi musobaqalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– Ayni kunlarda musobaqalarga astoydil tayyorgarlik ko‘ryapman, – deydi Dilshoda Usmonova. – Avvalo, ana shu musobaqalarda g‘olib chiqishni o‘z oldimga maqsad qilganman. Qolaversa, kelajakdagi asosiy orzuyim, jahon chempionati hamda Olimpiada o‘yinlarida g‘olib chiqish. Buning uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman. Maqsad va orzularimni albatta, ro‘yobga chiqaraman.
Yurtimizning umidli sportchilaridan biri bo‘lgan Dilshoda Usmonovaning orzulari ulkan, niyatlari ulug‘. Xalqimizda “yaxshi niyat – yarim mol” degan hikmat bor. Ishonchimiz komil, endigina o‘zining 20 yoshini qarshilayotgan chempion qizning ezgu niyatlari albatta, ijobat bo‘ladi. Chunki unda shijoat, fidoyilik, ertangi kunga umid, Vatanga muhabbat, xalqaro maydonlarda yurtimiz shuhratini yuksaklarga ko‘tarishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq bor.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA