Maqsadi aniq, yo‘li oydin – Mohichehra Hursanova
Yangi O‘zbekistonda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlardan samarali foydalangan holda mamlakatimiz va uning rivojiga o‘z hissasini qo‘shish orqali ona Vatanimizning oldidagi farzandlik burchini ado etishni niyat qilgan yosh yigit-qizlar talaygina.
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanilik Mohichehra Xursanova ana shunday yoshlardan biri. U joriy yil O‘zbekiston Respublikasi IIV Sirdaryo akademik litseyini a’lo baholarga tamomladi.
Bilimga chanqoq Mohichehra malakatimizdagi 5 ta oliy ta’lim muassasasi – IIV Akademiyasi, O‘zbekiston davlat jahon tillari, Toshkent davlat pedagogika, Guliston davlat va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetlariga hujjat topshirgan va talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan.
U shu bilan birga ikkita xorijiy davlat universitetlari – Italiyaning “Sapiyensa” Rim universiteti (“Sapienza” università di Roma) va “Kassino” universiteti (Università degli studi di Cassino) ga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan edi.
Mohichehra ushbu oliy o‘quv yurtlaridan “Sapiyensa” Rim universitetida (“Sapienza” università di Roma) tahsil olish istagini bildirdi. Ayni vaqtda O‘zbekistonda turib, mazkur universitetning “Ijtimoiy gumanitar fanlar” yo‘nalishi bo‘yicha onlayn shaklda tahsil olmoqda.
Shu kecha-kunduzda Italiyaga ketishni rejalashtirayotgan Mohichehra bu yerda yo‘nalish va fanlarni tanlov asosida o‘qib-o‘rganish mumkinligini ta’kidlaydi. Mazkur universitetda litseyda ta’lim-tarbiya olgani bois M.Xursanova 3 yil davomida o‘qiydi.
Tarix, ona tili va adabiyoti, ingliz tili, huquq, psixologiya, milliy istiqlol g‘oyasi kabi fanlardan imtihon topshirib talaba bo‘lgan izlanuvchan o‘zbek qizi har bir ishda faol.
– Har bir o‘zbekistonlik kabi shu yurt kelajagi uchun xizmat qilish asosiy maqsadim, – deydi M.Xursanova. – Buni qanday qilib bajaraman, deb doim o‘zimga savol berardim. Xorijda o‘qib, bilim olib, bir kasbning yetuk mutaxassisi bo‘lib, o‘z yurtim kelajagi, ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga bel bog‘ladim. Ishongan, qo‘llab-quvvatlab, barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib bergan davlatim, xalqim oldida mas’uliyatimni his etib turibman. Buni oqlashga harakat qilaman.
Mohichehra raqamli asrda III Renessans poydevorini qurishga shay yoshlardan biri sifatida «Sirdaryo iftixori — Oltin fond» ko‘krak nishoni va guvohnomasiga sazovor bo‘lgan. U ijod namunalari jamlangan “Umid so‘nmasin” kitobi muallifi.
Sh.Suyarov, O‘zA