Maqsadi aniq fermer ayollar
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan ayollarning fermerlik harakatidagi faol ishtirokiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan ayollarning fermerlik harakatidagi faol ishtirokiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.O‘zbekiston Fermerlari kengashi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va bir qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda deputatlar, fermer ayollar, huquq-tartibot sohasi vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev, Farg‘ona viloyatidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi L.Murodova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalar qatori ayollarning qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardagi faol ishtiroki iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish va xalqimiz farovonligini oshirishda alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 22-oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bu jarayonda mamlakatimiz xotin-qizlarining ham munosib hissasi bor. Seminarda ayol fermerlar tajribasini ommalashtirish, ular bilan ishlashda individual yondashishni takomillashtirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari safini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
– Prezidentimizning fermerlarga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi faoliyatimizni yanada rivojlantirishda asosiy omil bo‘lmoqda, – deydi Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Malishoyak” fermer xo‘jaligi rahbari Sanam Jumayeva. – Qariyb yuz gektar yerda paxta va g‘alla yetishtiramiz. Sabzavotchilik va chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, ko‘plab yoshlarni ish bilan ta’minladik. Kelgusida yangi tarmoqlarni ishga tushirish va aholiga xizmat ko‘rsatishni kengaytirish niyatida izlanmoqdamiz.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi korxonalariga soliq imtiyozlari, bank kreditlari, lizing xizmatlari, eksport va investitsiya borasida yaratilayotgan imkoniyatlar, fermerlik harakatini rivojlantirishning izchil choralari, bu borada ayollar tomonidan erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikrlashildi.