Maqsad tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash
Aholiga muammosiz tabiiy gazni yetkazib berish maqsadida joylarda gaz ta’minoti filiali tomonidan jarayonlar davom etmoqda. Gaz quvurlari tortilmoqda, bo‘yalmoqda. Quvonarlisi, amaliy ishlar natijadorligi hisobidan esa aholi, ulgurji iste’molchilarga tabiiy gazning yaxshilanishiga erishiladi.
G‘ijduvon tumani “Ulfatbibi”, “G‘ishti”, “Beshtuvo”, “Mirakon” mahallalaridagi jami 2700 xonadonda istiqomat qiluvchi aholi hamda mavjud 7 ijtimoiy ob’ektga endi tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi. “Hududgazta’minot” AJ va gaz ta’minoti filiali tomonidan diametri 159 millimetrli 8 kilometr 400 metr bo‘lgan gaz quvuri tortildi hamda foydalanishga topshirildi. Ushbu amaliy jarayon uchun Qurilish va montaj boshqarmasi tomonidan 4 texnika, 8 nafar ishchi xodimlar jalb etildi.

–G‘ijduvonda 45 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi, – deydi “G‘ijduvontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Sunnatillo Hasanov. – Ularga o‘z vaqtida tabiiy gazni yetkazib berish uchun gaz quvurlari tartibga keltirilmoqda. Xususan, “Pamo‘za” mahallasining Oqoltin ko‘chasidagi diametri 100 millimetrli gaz quvurlarining 3 kilometrdan ortig‘ida tekislash, bo‘yoqlash ishlari olib borilmoqda. Ta’kidlash lozim, amaliy ishlarning samarali olib borilishi hamda o‘z vaqtida tabiiy gazning yetkazib berilishi uchun 10 nafardan ortiq ishchi-xodimlar jalb etilgan. Ishlar natijadorligi hisobida 500 ga yaqin xonadonlarning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi. Shuningdek, bugun tumandagi tabiiy gaz iste’molchilarining barchasi zamonaviy hisoblagichlardan foydalanib kelmoqda. Qarzdorlik to‘lovlari esa iste’molchilar tomonidan navbatlarda turmay, mobil ilovalari orqali amalga oshirilmoqda.

Muhimi, tumanda gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan zamonaviy ikki bosqichli tizimga o‘tkazilmoqda. 742 gaz maromlash qurilmalari demontaj qilingan holda aholi xonadonlaridagi zamonaviy hisoblagichlarga maxsus reduktorlar o‘rnatilmoqda. Tumandagi “Sharq” mahallasining Sharq ko‘chasida 80 aholi xonadonlari mavjud bo‘lib, ayni ushbu hududda ikki bosqichli tizimga o‘tkazilish jarayonlari olib borilmoqda. Diametri 57 millimetrli 324 metr gaz quvurlarida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu bilan esa hududdagi 80 xonadon aholisining tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanadigan bo‘ldi.

Bugun aholi xonadonlari bilan bir qatorda sanoat zonalarini gazlashtirish ishlari ham olib borilmoqda. Xususan, viloyatning olis hududi Olot tumani “Arabxona” mahallasidan Olot bojxona kompleksi hududigacha yangi sanoat tarmog‘i (kollektor) qurilayotgan bo‘lib, loyiha bo‘yicha diametri 325 millimetrli 25 kilometr gaz quvurini tortish ishlari rejalashtirilgan, bugunga qadar esa 23 kilometr gaz quvurlari montaj qilindi. Ushbu amaliy jarayon uchun esa Qurilish va montaj boshqarmasi tomonidan 3 texnika va 7 nafar ishchi xodimlar jalb etilgan.

Shuningdek, Buxoro shahrining “Otbozor” mahallasi hududidagi kichik sanoat zonasini gazlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Loyiha rejasiga ko‘ra diametri 102 millimetrli 7 kilometr gaz quvurini montaj qilish ishlari belgilangan bo‘lsa, bugunga qadar esa 4,3 kilometr gaz quvuri montaj qilinib, bo‘yaldi. Amaliy jarayonlar uchun 6 nafar ishchi xodim va 3 texnika vositalari jalb etilgan. Shubhasiz, har bir qilingan mehnat ortida mas’uliyat yotadi. Bu mas’uliyatning his etilishi esa minglab insonlarning farovonligini ta’minlashda xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA